Sport | 15:50 / 23.01.2018
12830
2 daqiqa o‘qiladi

Kelajakda o‘zbekistonlik futbolchilar Fransiya jamoalarida to‘p surishi mumkin

Kelgusida O‘zbekistondagi yosh futbolchilarni Fransiya jamoalariga jalb qilinishi mumkin. Bu masalani O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Fransiya futbol federatsiyasi mutassaddilari — Fransiya futbol federatsiyasi Prezidenti mahkamasi boshlig‘i Janob Kenni Jan Mari, Tashqi aloqalar va institutlararo aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Emili Doms va Fransiya futbol federatsiyasi Texnik direktori Filip Montaner bilan uchrashuv chog‘ida muhokama qilgan.

Foto: The UFF.com
Foto: The UFF.com

O‘FF matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, uchrashuv davomida bolalar futboli bo‘yicha fransiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga olib kelish, O‘zbekistondagi yosh futbolchilarni Fransiya jamoalariga jalb qilish, Superligada ishtirok etadigan jamoalarning saviyasini oshirish, ularning ish faoliyatini Yevropa andozalari asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida klublar bosh direktorlari va akademiyalar rahbarlarini Parijga malaka oshirish va tajriba o‘rganishga yuborish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, shu yilning aprel – may oylarida Fransiya futbol federatsiyasi, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi va Fransiya Sport vazirligi mutaxassislaridan tashkil topgan delegatsiya yurtimizga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan. Ular Superliga klublarining marketing bo‘yicha mutaxassislari ishtirokidagi seminarlarida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, klublarimizning marketing bo‘yicha faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga yordam berishadi.

Mavzuga oid