Sport | 10:30 / 26.01.2018
16944
9 daqiqa o‘qiladi

«Emireyts»dan qochish: London shimolini pul va sovrin uchun tark etgan yulduzlar

O‘tgan haftada Aleksis Sanches va Genrix Mxitaryan rokirovkasi rasman e'lon qilindi. Har ikki o‘zgarish e'tiborga molik bo‘lsa-da, asosiy urg‘u Sanchesga qaratilayotganining sababi ma'lum. Chunki Mxitaryan qaysidir ma'noda «Old Trafford»dagi muvaffaqiyatsizlik va tarkibga kira olmaganidan «Arsenal»ga o‘tayotgan bo‘lsa, Sanches London jamoasining yetakchisi edi. U o‘zining qarorini sovrinlar yutish orzusi bilan izohlar ekan, o‘z vaqtida «Arsenal»ni tark etgan futbol yulduzlarini ham eslab o‘tdi. Keling, biz ham shunday qilamiz.

1999 yil. Nikolya Anelka. «Real» Madrid

Bugungi yosh muxlislarning aqliga sig‘masligi mumkin, lekin 1997 yilda Anelka Arsen Venger jamoasiga «PSJ»dan qochib kelgandi. O‘shanda Nikolya atigi 17 yoshda edi. Ilk mavsumda fransiyalik hujumcha maydonga ko‘p tushmadi, ammo juda yuqori saviyada o‘tgan ikkinchi mavsum oqibatida madridliklar uni ko‘z ostiga olib qo‘yishdi.

Anelka o‘z niyatini yashirib ham o‘tirmadi va hatto 22 million funtlik transfer amalga oshirilgach, Londonda juda qiynalganini, Angliya futboli unga butunlay to‘g‘ri kelmaganini ochiq oydin tan olgandi.  

2006 yil. Eshli Koul. «Chelsi»

Anelkaning holati o‘sha davr uchun alohida bir voqea edi, zero «Arsenal» Angliyaning eng kuchli ikki jamoasidan biri, keyin ham ajoyib mavsumlarni o‘tkazib, mamlakat chempioni bo‘lgandi. Eshli Koul voqeasi keyingi trendni ochib beradi - so‘nggi o‘n yillikda «Arsenal»ni ko‘proq yaxshi sharoit va sovrinlar yutish ilinjida tark etmoqdalar.

Aksariyat «Arsenal» muxlislari haligacha Koulni kechirishmaydi. Axir Koul jamoa tarkibida uch kubok va ikki chempionlikni qo‘lga kiritgan, buning ustiga klub tarbiyalanuvchisi, kim biladi, yaqin kelajakda jamoa sardori bo‘lishi mumkin edi. Ammo «Chelsi» tomonidan qilingan ajoyib maoshni rad qilolmadi va chamadonlarini yig‘ishtirib, Londonning narigi stadioniga yo‘l oldi. Shimolliklar esa, uni Keshli Koul deb atay boshladi. «Kesh» inglizchada «hamyon», «pul» ma'nolarini beradi.

Koul «Chelsi»da to‘rt marta Angliya kubogini, Premer Liga va Liga kubogini, Yevropa Ligasi va Chempionlar Ligasini ham yutib oldi. Buning uchun esa ajoyib bonuslarga ega bo‘ldi.

2009 yil. Emanuel Adebayor. «Manchester Siti»

Adebayor «Emireyts»da to‘rt yil o‘tkazib, birorta ham sovrin yuta olmadi. Ammo 2007/08 mavsumida 24 gol urib, APLning eng yaxshi hujumchilaridan biri sifatida e'tirof etilgandi. Yana nima kerak?

Yo‘q. Adebayor «Manchester Siti» taklifiga rozi bo‘ldi va o‘zidan keyingi bir qator futbolchilarga o‘rnak bo‘ldi. Hatto «Arsenal» darvozasiga gol urib, golni «Arsenal» muxlislari yoniga borib nishonladi ham. Futbolchining keyinchalik, «Tottenhem» safida ham o‘ynaganini e'tiborga olsak, unga bo‘lgan nafratni tasavvur qilib olish qiyin emas.

2009 yil. Xabib Kolo Ture. «Manchester Siti»

2002 yilda hech kim bilmaydigan ASeK Mimosas klubidan sotib olingan Kolo Ture «Arsenal»da yulduz bo‘lgandi. Afrikalik futbolchi jamoa safida 300dan ortiq o‘yinda maydonga tushdi va o‘sha 2003-04 dagi «yengilmas jamoa» tarkibida ham o‘z o‘rniga ega edi.

Ammo «Arsenal» sovrin yutishni to‘xtatgach, «Manchester Siti» safiga borib qo‘shildi. Himoyachi u yerda ham yo‘qolib qolmadi va 2011/12 yilda mamlakat chempioni bo‘ldi. Uning ukasi Yahyo Ture o‘sha tarkibning yetakchi futbolchisi bo‘lganini hammamiz bilamiz.

2011 yil. Sesk Fabregas. «Barselona»

Sesk Barselonada tug‘ilgan, «La Masiya» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Aynan shuning uchun «Barselona» chaqirganda Fabregasning boshi aylanib qoldi va ko‘ziga hech narsa ko‘rinmadi. Axir, Sesk Messi, Buskets kabi futbolchilar bilan birga katta bo‘lgandi. Arsen Venger uni olib qolishni uddalay olmadi. Hamma yig‘ladi.

Sesk «Barselona» bilan birga ikki marta Ispaniya superkubogini, Kopa del Rey va Ispaniya chempionatini yutib oldi. Keyinchalik u Angliyaga qaytdi, ammo «Arsenal» unga mos taklif bera olmagach, «Chelsi» o‘yinchisiga aylandi. U yerda ham Fabregas ikki marta Angliya chempioni bo‘ldi. «Arsenal»dagi sakkiz yilda u faqat bir marta Angliya kubogini yutgandi xolos. 

2011 yil. Samir Nasri. «Manchester Siti»

«Emirayts»dagi uch mavsumdan keyin muxlislar yoqimtoyiga aylangan Nasri injiqliklarni boshladi va shug‘ullanishni kamaytirib yubordi. Futbolchini davolagan voqea esa, uning «Manchester Siti» tarkibiga borib qo‘shilgani bo‘ldi.

Yana o‘sha pullar haqida gapira boshladilar, ammo Nasri Manchesterda ikki marta mamlakat chempioni va Liga kubogini ham yutib oldi. Nasridan so‘rasangiz, shu sovrinlar uchun o‘tgandim deydi albatta.

2011 yil. Gael Klishi. «Manchester Siti»

2011 yilda «Manchester Siti» Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini «Tottenhem»ga boy bergach, «Arsenal»ning so‘nggi qonlari Samir Nasri va Gael Klishi avvalgi sheriklari ochib qo‘ygan yo‘lakdan yurib, «shaharlik»ka aylangan edilar.

Klishi Fransiyaning «Kan» klubidan transfer qilingan. U paytlarda juda yosh bo‘lsa-da ham 2003/04 yilgi mavsumdagi Oltin tarkibda epizodik rollardan birini ijro etgan ham. Shuningdek, 2005 yilda Angliya kubogi sohibi bo‘lgandi.

Manchesterda esa, Klishi ilk mavsumdayoq APL chempioni bo‘ldi. Ikki yil o‘tib natija yana takrorlandi. Orada bir marta superkubok va ikki bor Liga kubogi ham yutib olindi.

2012 yil. Robin van Persi. «Manchester Yunayted»

Robin «Arsenal» safida 277 o‘yinda 132 gol urgandi. «Hali sen qanday zo‘r futbolchini sotib olayotganingni bilmayapsan» degandi Venger savdo paytida Fergyusonning qo‘lini siqib qo‘yayotib.  

Van Persining ketishi «Arsenal» muxlislari uchun kutilayotgandi, chunki futbolchi yangi shartnomani rad qilgan, «Yuventus» u bilan jiddiy qiziqib qolgandi. Ammo so‘nggi pallada «MYu»ning paydo bo‘lishi va Robinning istagi «Arsenal»ga eng yaxshi futbolchisini eng asosiy raqibiga berib yuborishga majbur qildi.

20-raqamni olgan gollandiyalik hujumchi 30 o‘yinda 26 gol urib, «Manchester Yunayted»ni 20-marotaba Angliya chempioniga aylantirdi. 

2018 yil. Aleksis Sanches. «Manchester Yunayted»

O‘tgan yilning yozida Sanches jamoada qolish niyati yo‘qligini ochiq aytgan va hatto «Manchester Siti» bilan barcha masalada kelishib ham bo‘lgandi. Ammo transfer amalga oshmay qoldi, yanvarning ilk kunlarida esa, juda katta taklif bilan «Manchester Yunayted» paydo bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, Aleksis yoshligidan «Yunayted»da to‘p surishni orzu qilgan ekan. Futbolchilarning yoshligida orzu qilgan jamo safiga kelib qo‘shilishlari holati dunyodagi muhabbat tarixlaridan ham ko‘p. Qizig‘-a?

Yaqinda 29 yoshga kirgan futbolchi Chempionlar Ligasida qatnashayotgan jamoa safiga kelib qo‘shildi va jamoasi bilan bu turnirda g‘alaba qozonmoqchi ekanini aytdi. Ko‘ramiz.

Mavzuga oid