Jahon | 13:10 / 30.01.2018
66754
2 daqiqa o‘qiladi

Aqto‘beda yonib ketgan avtobus haydovchilari sudga yetkazildi

Foto: Kazinform

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida yonib ketgan avtobusning uch nafar haydovchisi 2-sonli shahar sudiga sanksiya haqida qaror qabul qilish uchun olib borildi. Bu haqda «Kazinform» xabar qilgan.
 
Ma'lumki, ular Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 345-moddasi 4-qismi bo‘yicha ayblanmoqda.

Qo‘lga olinganlar – 1985 yilda tug‘ilgan Maksat Pernebekov, 1968 yilda tug‘ilgan Nurjan Qirg‘izbayev va 1978 yilda tug‘ilgan Barat Tanatarov.

Nurjan Qirg‘izbayev bo‘yicha prokuror uni 2 oyga qamoqqa olishni so‘ragan.

24 yanvar kuni uch haydovchi Aqto‘be shahridagi vaqtinchalik saqlash izolyatoriga olib ketildi. Tergov davomida aniqlanishicha, olovga haydovchilar tomonidan avtotransport vositasidan foydalanish qoidalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan, bu avtobus salonida kavshar lampa ishlatilgani tufayli yuz bergan.

Yig‘ilgan ma'lumotlar ushbu jinoyatga avtobusning barcha 3 haydovchisi aloqador ekanini ko‘rsatgan.

Jinoiy ishni IIV tergov departamenti mintaqalararo tergov-tezkor guruhi yuritmoqda. Bu boradagi ishni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi va IIV nazorat qilmoqda.

Ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus Samara-Chimkent yo‘lida yonib ketgan. Yong‘in avtobus harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan. Falokat oqibatida 52 kishi halok bo‘lgan, 5 kishi omon qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid