Jahon | 18:40 / 30.01.2018
42017
2 daqiqa o‘qiladi

Stokholmdagi terakt ijrochisi Rahmat Oqilovga ayblov e'lon qilindi 

Foto: Aftonbladet

2017 yil aprelida Stokholm markazida yuk mashinasida odamlarni bosib ketgan Rahmat Oqilov terrorchilikda ayblanmoqda. Bu haqda ushbu ishni olib borayotgan, bosh prokuror o‘rinbosari Xans Irman 30 yanvarda matbuot anjumanda ma'lum qildi. 

“Unga terrorchilik ayblovi e'lon qilindi. Mening vazifam u jamiyatimizda yana erkinlikda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. U Shvetsiyani IShIDga qarshi global koalitsiyada ishtirok etgani uchun jazolamoqchi bo‘lgan”, deb aytgan Irman. 

Ayblov tomoni ma'lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik Oqilov 2017 yil yanvarda turli odamlarga IShID nomidan terakt sodir etish taklifi bilan xabarlar yozgan. Prokuratura buning isboti sifatida uning 20dan ko‘proq odam bilan suhbati (chat) matnlarini keltirgan. Oqilov o‘tgan yil mart oyida “kofirlarni bosib ketmoqchiligini” va “Shvetsiya NATOni qo‘llab-quvvatlayotgani, Iroqqa harbiylar yuborayotgani va kurdlarni o‘qitishda ishtirok etayotganini” yozgan.     

Bunday suhbatlardan birida u Yevropada terakt sodir etmoqchiligini va xudkush kamarini yig‘moqchiligini yozgan. Bundan tashqari, uning 3 apreldagi nomi ma'lum qilinmayotgan bir odam bilan chatida yuk mashinasini qanday topish mumkinligini muhokama qilgan. Oqilov, shuningdek, o‘zining qabih ishini amalga oshirish uchun o‘ziga  sherik topishga harakat qilgan.

Oqilov 2017 yil 7 aprelda Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida odamlarni bosgancha 550 metr yurib o‘tgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 15 kishi yaralangan, 5 kishi halok bo‘lgan. 

Mavzuga oid