Jamiyat | 21:45 / 03.02.2018
19635
3 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Jigar saratoniga uchragan Begali davolanish uchun Hindistonga yo‘l oldi

Ma'lumki, KUN.UZ saytida xayriya aksiyasi ostida turkum maqolalar berib berib borilmoqda. Eng muhimi, bunday aksiyalar natijasiz qolmayapti, amalga oshirilayotgan savobli ishlar besamar ketmayapti. 

Kuni-kecha “Jigar saratoniga chalingan 4 farzandning otasi ko‘makka muhtoj” sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi. Unda taqdir sinoviga uchragan oila boshlig‘i – to‘rt farzandning otasi Begali Axunov haqida so‘z boradi. 

Buni qarang-ki, xalqimizning saxovatpeshaligini sabab, qisqa muddatda Begalining shifo topishiga zarur mablug‘ yig‘ildi. Begali va rafiqasi Dildoraxon davolanish uchun safarga otlanishdi. Hindistonda muolaja qilishni rejalashtirgan oila bilan safar oldidan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

- Allohga shukr, O‘zbekistonimizda yaxshi va xayrli amallarni qiladigan juda ko‘p ekan. Ozmi-ko‘pmi bizga yordam qo‘lini cho‘zishdi. Bizga ko‘maklashganlarga va bu xayrli ishni qilish uchun yaxshi niyatda duoda bo‘layotganlarga ham mingdan ming rahmat. Allohim ularni o‘ylagan niyat va maqsadlariga yetkazsin. Qilgan ehsonlarini o‘z dargohida qabul qilsin, - deb samimiy tilaklarini izhor etdi Dildoraxon.

Ma'lum bo‘lishicha oila Hindistonning Dehli shahriga otlangan. U yerdagi shifoxona bilan zarur muzokaralar olib borilgan.15-20 kunda operatsiya qilinadi. 

Uchrashuv joyining o‘zida moddiy ko‘mak berganlarning omonati o‘z egalariga berib qo‘yildi.

- Bizga yaxshilik qilganlardan Alloh rozi bo‘lsin va bu savobli ishlarini dargohiga qabul qilsin, - dedi Begali Axunov.

Er-xotin bir tanu bir jon. Dildoraxon o‘z turmush o‘rtog‘i shifo topishi uchun donor bo‘lishga rozi. Yaratganning inoyati bilan bu juftlikning nikoh rishtasi oila boshiga tushgan ham-anduhni yengib o‘tishda kuch bo‘ldi. Ularga biz oq yo‘l tiladik. Yaratgan barchamizdan rozi bo‘lsin.

Mavzuga oid