Jahon | 15:45 / 04.02.2018
10993
2 daqiqa o‘qiladi

Bir tomchi qondan Altsgeymer kasalligini tashxislash imkoni paydo bo‘ldi

Foto: Infoline.ua

Uzoq umr ko‘rish milliy tadqiqot markazi bir tomchi qondan Altsgeymer kasalligini tashxislash usulini ishlab chiqishdi. Tashkilot xabarida shu haqida ma'lum qilindi. 

Yangi usul asosida beta-ameloidlar (kasallik rivojining asosiy sabablaridan biri hisoblanuvchi peptid)ga bog‘liq moddalarning ajralib chiqishi, massasiga qarab farqlanuvchi molekulalarni ajratish orqali ularning nisbatini taqqoslash yotadi. Bu miyada ortiqcha to‘planib qolgan beta-ameloidlarning bor yoki yo‘qligini aniqlash imkonini beradi. Olimlarning ta'kidlashicha, bunday tahlil uchun 0,5 ml qon yetarli. 

Olimlar Yaponiya va Avstraliyada istiqomat qiluvchi 230 nafar bermorni ko‘zdan kechirish asosida, o‘z xulosalarini tasdiqlashdi. Tadqiqot 60 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan bemorlar o‘rtasida o‘tkazilgan. Qon tahlili bo‘yicha qo‘yilgan tashxis 90 foiz holatda Altsgeymer kasalligini aniqlashning umume'tirof etilgan usullari orqali qo‘yilgan tashxislarga muvofiq kelgan. 

"Biz dementsiya rivoji taxmin qilingan keksa yoshli kishilarni tekshirish davomida yangi usulni kengroq qo‘llamoqchimiz", - dedi tadqiqot markazi rahbari Katsuxiko Yanagisava.

Dementsiya - xotira, fikrlash va xatti-harakatlarida degradatsiya kuzatiluvchi sindrom. Kasallik asosan keksa yoshli kishilarda qayd etiladi, biroq qarishning normal holati hisoblanmaydi. Altsgeymer kasalligi dementsiyaning eng keng tarqalgan shakli bo‘lib, dementsiyaning 60-70 foizi uning zimmasiga to‘g‘ri keladi. 

Kasallik aniqlangandan keyin bemor, qoidaga ko‘ra, o‘rtacha 7-10 yil yashaydi. Bugungi kunda dunyoning 50 million aholisi Altsgeymerdan aziyat chekadi, ularning soni yil sayin oshib bormoqda va ba'zi taxminlarga ko‘ra, 2050 yilga borib 131 millionga yetishi mumkin.

Mavzuga oid