Light | 15:24 / 04.02.2018
75494
4 daqiqa o‘qiladi

Uyqu sifatini yaxshilashning 10 usuli

Foto: Pixabay

Jahon uyqu jamiyati "Kattalar uchun uyqu gigiyenasining 10 qoidasi"ni ishlab chiqdi. "Layfxaker"da aytilishicha, shu qoidalarga rioya qilinsa, uyqu bilan bog‘liq muammolar sizni chetlab o‘tadi.

1. Har doim bir vaqtda uxlash va uyg‘onishni odat qiling

Ko‘pchilik dam olish kunlari uyqudan kechroq turishga harakat qiladi. Biroq olimlarning fikricha, bunday beqarorlik tufayli bizning sirkad ritmimiz buzilishi mumkin ekan. Uyquni yaxshilash uchun har kuni bir vaqtda uxlashga yotib, bir vaqtda uyg‘onish tavsiya etiladi.

2. Charchoqni his qilsangiz, biroz mizg‘ib oling

Biroz mizg‘ib olsangiz, o‘zingizni yana tetik his qila boshlaysiz. Biroq shuni ham inobatga olish kerakki, peshindan keyingi uyqu 45 daqiqadan oshmasligi kerak.

3. Zararli odatlardan voz keching

Mutaxassislar spirtli ichimliklarni iste'mol qilmaslik va hech bo‘lmaganda, uxlashga yotishdan 4 soat oldin chekmaslikni tavsiya qilishadi. Bu odatlardan butunlay voz kechsangiz, yanada maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yaxshi odatlar uyqu sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Ko‘p tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, uyqu sifati unga ketgan vaqtdan-da muhim ahamiyatga ega.

Liborio Parrino, Parma Universitetining nevrologiya professori va Xalqaro Uyqu kuni qo‘mitasi raisi

4. Kofein iste'molini qisqartiring

Jahon uyqu jamiyati tavsiyalariga ko‘ra, uxlashga yotishdan kamida 6 soat avval kofein iste'molini to‘xtatish kerak. Shuni yodda tutingki, u nafaqat qahvada, balki choy, gazli ichimliklar va hatto shokoladda ham bor.

5. Uyqu oldidan to‘yib ovqatlanmang

Yengilgina tamaddi qilish mumkin. Biroq uxlashga yotishdan 4 soat avval og‘ir, achchiq taomlar va shirinliklar iste'molidan saqlanish lozim.

6. Uyqu oldidan sport bilan shug‘ullanmang

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanish kerak. Biroq uxlashga yotishdan oldin jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish uning sifatiga ziyon yetkazishi mumkin.

7. O‘zingizga qulay to‘shaklarni tanlang

Agar tun yarmida isib ketib uyg‘onsangiz, demak, odatiy yopinuvchi to‘shagingizni almashtirishingiz kerak. Bu eng avvalo o‘zingizning salomatligingiz uchun yaxshi.

8. Yotoqxonani shamollating

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot davomida ma'lum bo‘lishicha, deraza ochiq bo‘lgan xonada uxlash uyqu sifatini yaxshilar ekan. Agar xonada konditsioner bo‘lsa, uyquga muvofiq haroratni tanlang. U odatiy haroratdan bir necha daraja past bo‘lishi kerak.

9. Chalg‘ituvchi shovqin va yorug‘likdan xalos bo‘ling

Yotoqxonada mavjud elektronika sizning to‘yib uxlashingizga xalaqit berishi mumkin. Masalan, yonib o‘chuvchi raqamli soatlar, o‘chirilmagan kompyuter va albatta, televizor.

10. To‘shakda boshqa ishlar bilan shug‘ullanmang

Smartfon yoki noutbuk yordamida to‘shakda yotgan joyimizda kelayotgan xabarlarga javob berishimiz mumkin. Biroq bunday odat bu joyning ish bilan bog‘lanishiga olib kelishi mumkin. Bunday qilmaslikka harakat qiling, to‘shak uxlash uchun mo‘ljallangan.

Yuqoridagi qoidalarga rioya qilib, uyqu sifatini yaxshilaysiz, shuningdek to‘yib uxlamaslikka chek qo‘yasiz. Uyqusizlik esa sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Mavzuga oid