Jamiyat | 18:33 / 05.02.2018
23871
4 daqiqa o‘qiladi

“Yashil” yo‘lak orqali tilla taqinchoqlar olib kirishga uringan ilk qoidabuzarlar fosh qilindi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Ma'lumki, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida jismoniy shaxslar uchun ikki yo‘lakli tizim ya'ni “yashil” va “qizil” yo‘laklar joriy etildi. Yangi tizimni joriy etishda eng avvalo fuqarolar va xorijiy mehmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, ular uchun bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish va tezlashtirish ko‘zlangan.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, respublikaga kirib kelayotgan yo‘lovchilar yashil yo‘lakdan faqat qiymati va miqdori bojsiz olib kirish me'yorlaridan ortiqcha bo‘lmagan tovarlarni olib o‘tishlari mumkin. Ya'ni, yashil yo‘lakdan o‘tish jismoniy shaxsning yonida ortiqcha tovar-moddiy boyliklari yo‘qligini bojxona organlariga og‘zaki deklaratsiyalaganini anglatadi.

Bu haqidagi batafsil ma'lumotlar, respublika xalqaro aeroportlaridagi ikki yo‘lakli tizim oldida joriy qilingan axborot hududlarida batafsil ma'lumotlar keltirilgan, deb xabar bermoqda “Toshkent-Aero” IBK axborot xizmati.

Ammo, ba'zilar amaldagi tartiblarni yaxshi bilishsa-da, o‘zlari uchun joriy qilingan bu qulaylikni noqonuniy daromad orttirish ilinjida suiiste'mol qilishga urinishdi. Ya'ni, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida yashil yo‘lak orqali tilla va zargarlik buyumlarini olib o‘tishga uringan ilk qoidabuzarlar to‘xtatib qolindi.

Istanbuldan uchib kelgan fuqaro F.Yu.ning bojxona chegaralarini yashil yo‘lak orqali kesib o‘tayotib, o‘zini tutishi va bezovtalanishi bojxonachilarda bejiz shubha uyg‘otmagan ekan. Qarang-ki, F.Yu. ayollar sumkasidagi pardoz upasi qutilariga va egnidagi kiyimi cho‘ntaklariga 263 gr. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarini yashirgani fosh bo‘ldi.

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur tilla va zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati 67 mln. so‘mdan oshadi.

Ayni shu reys bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro G‘.T. ham yashil yo‘lak bergan imkoniyatdan g‘ayriqonuniy maqsadda foydalanib qolishga urindi. Ya'ni, belgilangan me'yorlardan ortiqcha bo‘lgan 72 gr. og‘irlikdagi tilla va zargarlik buyumlarini qizil yo‘lak qolib, yashil yo‘lakdan olib o‘tayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Dastlabki, hisob-kitoblarga ko‘ra mazkur tilla va zargarlik buyumlarining taxminiy qiymati salkam 16.5 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, mazkur post xodimlari “Istanbul-Toshkent” reysining yana bir yo‘lovchisi fuqaro fuqaro M.M. tomonidan qizil yo‘lak orqali harakatlanayotib, lekin yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan turib, qiymati salkam 24,5 mln. so‘mni tashkil qiluvchi 119 gr. tilla taqinchoqlarning yashirincha olib kirilishiga chek qo‘yishdi.

Vaholangki, amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan 5 donagacha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, poytaxt aeroporti orqali har sutkada dunyoning turli shaharlari bo‘ylab, o‘rtacha 40 dan ortiq reyslar amalga oshiriladi. Bu yerda bir kunda o‘rtacha 6-7 ming nafar yo‘lovchilar harakatlanayotgan bo‘lsa, shularning taxminan 93 % i bojxonadan yashil yo‘lak orqali o‘tishmoqda.

Demak, ko‘rinib turibdi-ki, ularning barchasini birma-bir bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayoniga qamrab olishning imkoni yo‘q. Shunday ekan, bu vaziyatda bojxona xodimlarining hushyorligi va sezgirligiga tayanish bilan bir qatorda fuqarolardan ham bojxona qonunchiligiga qat'iy rioya qilishlari talab qilinadi.

Mavzuga oid