Fan-texnika | 22:30 / 06.02.2018
10438
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kompaniyasi hukumatning bosimi sababli Huawei smartfonlarini sotishdan bosh tortdi 

Foto: Blog Comfy

AQShning Verizon Communications telekommunikatsiya kompaniyasi Xitoyning Huawei kompaniyasi smartfonlarini sotishdan bosh tortdi. Bu haqda o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.    

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Verizon bunday qarorni Huawei’ni Xitoy maxsus xizmatlari bilan hamkorlik qilishda gumon qiluvchi AQSh hukumati bosimi ostida qabul qilgan. Amerikalik amaldorlar fikricha, bu kompaniya smartfonlarida foydalanuvchilar ortidan kuzatuv olib boruvchi dasturlar o‘rnatiladi.  

Avval xuddi shu sababga ko‘ra AQShning yana bitta kompaniyasi AT&T Xitoy kompaniyasi mahsulotlaridan foydalanishdan bosh tortgan. Bloomberg’ning ta'kidlashicha, Huawei bilan hamkorlikning to‘xtatilishi 5-avloddagi mobil tarmoqlarning foydalanishga kiritilishi borasida Verizon va AT&T rejalariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, chunki Xitoy kompaniyasi bu texnologiyani qo‘llab-quvvatlovchi smartfonlarni birinchilardan sotuvga chiqarmoqchi. 

O‘z navbatida Huawei’da unga qo‘yilayotgan ayblovlar rad etildi va ularning smartfonlarida maxsus xizmatlarga ma'lumot uzatuvchi maxfiy dastur o‘rnatilmagani ta'kidlandi. Ushbu vaziyatga Xitoy tashqi ishlar vazirligi ham izoh bergan. Xitoy tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Lu Kanning aytishicha, Xitoy hukumati Xitoy kompaniyalariga boshqa davlatlar qonunchiligini buzishga, ular xavfsizligiga ziyon yetkazishga ijozat bermaydi. 

Huawei axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini yetkazib beruvchi dunyodagi yetakchi kompaniyalardan hisoblanadi. Kompaniyaning 100 dan ko‘proq davlatda xodimlari bo‘lib, ular soni 170 ming kishiga yetadi. Mutaxassislarning baholashicha, kompaniya dunyoning uchdan bir qismiga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim qiladi.    

 

Mavzuga oid