O‘zbekiston | 17:10 / 06.02.2018
39985
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarga toifa berish tizimiga o‘zgarishlar kiritilishi kutilmoqda

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimida 408 ming nafar pedagog faoliyat ko‘rsatadi, shulardan 3 foizi oliy toifali, 12 foizi 1-toifali va 50 foiz atrofidagi kontingent mutaxassis toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilardir. Ularga pedagogik yuklamalarning amalga oshirilishi belgilangan hukumat qaroriga ko‘ra 1548 soat hajmda bir yil davomida, 154.8 foiz hajmda oy davomida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. KUN.UZ muxbiri Xalq ta'limi vazirligi vakillarining so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

Bugungi kunda xalq ta'limi vazirligida o‘qituvchilarga toifa berish jarayonini soddalashtirish, optimallashtirish yo‘nalishida ishchi guruh o‘z takliflarini tayyorlamoqda. 

Ma'lumki, o‘qituvchilarni rag‘batlantirish direktor jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi. Direktor jamg‘armasi imkon doirasidagi mablag‘lar hisobidan 15-40 foizgacha bo‘lgan hajmda rag‘batlantirish ishlarini amalga oshirishi kerak. 

Hozirgi kunda toifa berish masalasi pullik bo‘lgani to‘g‘risida alohida hukumat qarori qabul qilinib, bu mas'uliyat Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat inspeksiyasiga o‘tkazilgan va o‘qituvchilarga toifa berish uchun ma'lum darajadagi sinovlardan o‘tish va muayyan miqdordagi to‘lov orqali amalga oshiriladi. 

"Rejalashtirgan g‘oyalarimiz hukumat darajasida  tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi. Bu jarayonda o‘qituvchiga toifa berishda mutaxassis toifasidan oliy toifagacha bo‘lgan daraja orasidagi to‘lovlarni oshirish, mutaxassisdan 1-toifaga, undan 2-toifaga va h.k. oliy toifagacha bo‘lgan farqlarni keskin oshirish bo‘yicha va shu asnoda direktor jamg‘armasi orqali o‘qituvchining mavqei va obro‘ini oshirishga xizmat qiladigan takliflarni hukumatga olib chiqish ustida ishlayapmiz", - deydi XTV vakili. 

Mavzuga oid