Sport | 14:20 / 08.02.2018
10792
16 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Kamtargina Gabriel Jyezus

«ALLO, OYI»

Zarbam raqib darvozasi to‘ridan joy olishi hamono, telefonim jiringlaydi. Farqi yo‘q o‘sha paytda onam uyda bo‘ladimi yoki stadionda, har safar u menga qo‘ng‘iroq qiladi. Shuning uchun ham, men gol urishim bilan burchakka yuguraman va kaftimni qulog‘imga tutaman: «Allo, oyijon!»

Foto: Gettyimages.ru

Manchesterga endi kelganimda, ko‘pchilik gollarni nega bu tarzda nishonlashimga qiziqqan va doim bu haqida so‘rashardi. Qisqa qilib javob berish mumkin: men shunchaki onamni yaxshi ko‘raman va u doim menga qo‘ng‘iroq qiladi. Tamom.

Aslida esa, buning uzoq tarixi bor. Ancha uzun tarix, hov o‘sha men katta orzuli  kichkina bolakay bo‘lgan paytlarga to‘g‘ri keladi. Braziliyadagi har bir bolakay kabi. Men kabilar ko‘p edi, lekin aytishim kerakki, omadim kelgan – bir qator superqahramonlarni shaxsan tanirdim. 

SUPeRQAHRAMONLAR YuRTI
Men San-Pauluning Peri Jardim tumanida katta bo‘ldim. U yerdagi ko‘pchilik uchun hayot bu – yashash uchun haqiqiy kurash. Onam juda ko‘p ishlardi, shuning uchun bizning oilamizda u qadar ko‘p bo‘lmasada, doim yeyish uchun biror narsa topilardi. Men bilan birga katta bo‘lgan ko‘p o‘rtoqlarimda ahvol chindanam yomonroq bo‘lgan.

Ba'zida ular bir kunda bir mahal, stadionga kelganlarida ovqatlanishardi. Menimcha, ko‘pchilik futbol o‘ynashdan ham ko‘ra, shu yerda tekin buterbrod va gazli suv uchun ham kelishardi. Ba'zida o‘sha buterbrodlar ham bo‘lmas, gazli suv bilan kifoyalanilardi.

Hammasi «Pekeninos»da boshlangan. Bu so‘z «bolakaylar» ma'nosini anglatadi. Aslida esa, hammasi juda jiddiy bo‘lgan, o‘ylamang, bu Braziliya, suv, plyaj deb, yo‘q, stadionimiz harbiy qamoqxonaning yonginasida, hammayoq chang, umuman maysa o‘smasdi. U yerda bolalardan tashqari, faqat o‘sha qamoqxona xizmatchilari futbol o‘ynashardi xolos.

To‘qqiz yoshimda do‘stim Fabino bilan o‘sha yerga bordik va jamoada o‘ynay olamizmi, yo‘qmi, qiziqib ko‘rmoqchi bo‘ldik. Qo‘limizda butsa, o‘rmon bo‘ylab yurib bordik va aynan o‘sha kuni biz hayotimizni o‘zgartirib yuborgan insonni uchratdik. «Albatta o‘ynay olasizlar, keyingi o‘yinga kelinglar» - dedi Joze Mamede. U jamoaning bolalar tarkibining murabbiyi ekan.

Hech qanday qog‘ozbozlik, shartnomalar, hech narsa bo‘lmadi. Chunki bu jamoa bolalar futboli orqali foyda qilishni ko‘zlamas, shunchaki, bizga ijobiy hislar ulashishni niyat qilgandi xolos. Ko‘chadagi bolalarni bir joyga to‘plash, hech bo‘lmasa, futbol o‘ynashsin, biror narsa yeb olishsin, shu. «Pekeninos» – bu klub haqida hech qachon eshitmagansizlar, lekin aytishim kerak, ular mo‘'jizalar yaratishadi va yaratishmoqda.

Foto: Gettyimages

Murabbiylar bolalar uyga quruq qaytmasin deb, bir oyga yetgulik guruch, loviya, non va boshqa zaruriy mahsulotlarni berib ham yuborishardi. Eng qizig‘i, murabbiyimiz Mamedening eski Volkswagen Beetle mashinasi bo‘lardi, biz juda kichik bo‘lganimiz uchun 9-10 bola kiyim-kechak, butsa, to‘p va o‘sha yeguliklarimiz bilan ham sig‘ib ketaverardik. Eh, do‘stim, ular biz kabi bolalar uchun nimalar qilganini tasavvur ham qila olmaysan. Mamede va boshqa murabbiylar haqiqiy qahramon edi. Ular bizga imkoniyat taqdim etishgan.

Men uchun koptokka bo‘lgan mehr ustun edi. «Pekeninos» haftasiga faqat ikki kun mashg‘ulot o‘tkazar, shuning uchun boshqa kunlari men ko‘chada to‘p tepardim. Ba'zi bolalarda futbol simulyatorlari bo‘lgan, ammo men uchun o‘z tasavvurim va birgina koptok kifoya qilardi. Har bir mahalladan jamoalar tuzib, turnirlar tashkil qilardik, g‘olib uchun sovrin esa, bir banka limonad bo‘lardi. Eh, tushunmaysan, mana shu bir banka suv uchun haqiqiy jang bo‘lardi. Tushunyapsanmi, aslida mana shu banka biz uchun Libertadores kubogidan ham qadrliroq edi. Agar sovrinni yutib olsak, hammamiz uni boshimiz uzra ko‘tarib chiqar va bir ho‘plamdan ichardik. Sovrinli limonad har qanday shampan vinosidan o‘n barobar zo‘r, ishonaver. 

Foto: Gettyimages.ru

VeRZeA
Braziliyada agar professional futbolchi bo‘lishni istasangiz, 12-13 yoshda qaysidir katta klubning akademiyasida shug‘ullanayotgan bo‘lishingiz kerak. Lekin bu tomondan mening ishim yurishmadi. «San Paulu»dagilar meni ko‘rikdan o‘tkazib, klubga taklif qilishgan bo‘lsa-da, mening yashashim uchun sharoit qilib berishdan bosh tortishgandi. Klub uyimizdan juda uzoqda, agar qatnab shug‘ullanadigan bo‘lsam, maktabdan qolib ketardim. Maktabdan qolib ketish... Onam, ha-ha-ha!

Albatta, onam bunga qarshi edi. Ularning fikr-u xayollari mening o‘qishim bilan bog‘liq edi. Bilasizmi, bolalik davrim uchun onamdan minnatdorman. Tengqurlarimning ko‘pi oilasiga yordam berish uchun ishlashlariga to‘g‘ri kelgan. Ularda futbol bilan shug‘ullanish yoki maktabda o‘qish uchun vaqti bo‘lmasdi. Ammo onam menga ishonardi. Negadir u doim, har qanday sharoitda futbolni tashlamasligimni maslahat berardi.

Foto: Gettyimages.ru

Shuning uchun, men 13 yoshimda Verzeada futbol o‘ynashni boshladim. Men tomondagilar Verzea nima, qayer ekanini juda yaxshi tushunib turishibdi, boshqalar uchun aytib o‘taman: Verzea – AQShdagi ko‘cha basketboli yoki Yevropadagi yarim havaskor ligalarga o‘xshab ketadi. Maydon juda kir, loy va siz haqiqiy qo‘pol erkaklarga qarshi o‘ynashingizga to‘g‘ri keladi. U yerda jismoniy kurash juda qattiq, shuning uchun juda xunuk hodisalar ham bo‘lib turadi.

Mana bunisini aytib bermasam bo‘lmaydi. 
Biz juda kuchli jamoaga qarshi muhim o‘yinda maydonga tushishimiz kerak edi. Raqib Verzeadagi o‘zining ilk mavsumini o‘tkazayotgandi, shuning uchun juda jiddiy qarayotgandi. Esimda, o‘yin boshlanmasdan oldin ular menga qarashdi - «Kim bu bolakay? Rostan u ham o‘ynaydimi?».

Hammasi jiddiy edi. O‘yin boshlanganiga to‘rt daqiqa bo‘lmasdan, men ularning eng zo‘r himoyachisini aldab o‘tib, gol urdim. Ular menga shunaqa qarashdiki: «Okey, bolakay, sening hayotingni do‘zaxga aylantiramiz». Shundan keyin ular meni tepa boshlashdi. Har safar to‘p oyog‘imga kelsa, tentak kabi tepishar, meni poylab yurishgandek edi. Hatto ulardan biri ko‘cha bezorisi edi, menga agar uni yana bir marta aldab o‘tsam, oyog‘imni sindirishini aytdi.

Xullas, to‘p yana oyog‘imga tushdi... va men yana aldab o‘tdim. U o‘z muvozanatini yo‘qotib, o‘tirib ham oldi. Juda sharmandalarcha aldab o‘tgandim. Endi ular menga xuddi o‘ldirmoqchidek qarab turishardi.

Lekin... Nimayam qilishim mumkin? To‘p mening oyoqlarim orasiga kelganida, men butunlay boshqa dunyoga tushib qolaman. Hamma narsani unutaman. Keyingi safar, qaramay turib to‘pni sherigimga yetkazib berdim, u gol urdi. Tomoshabinlar o‘zlaridan ketib qolishgandi. O‘yin 2:2 bo‘lib tugadi, penaltilar seriyasida biz g‘alaba qozondik. Ularning jahli chiqib ketdi. Boyagi bezori menga qarab «aytdim-ku, oyog‘ingni sindiraman deb, tashqarida uchrashamiz» dedi.

U hazillashmayotgandi. Baxtimga, jamoadoshlarim meni yolg‘iz qoldirishmadi va uyimgacha qo‘riqlab olib borishdi.

Ammo bu hammasi emas. O‘tgan yili uyga, oilamni ko‘rgani borganimda, ish bilan bankka borishga to‘g‘ri keldi. Qarasam, kichik budka oldida bir yigit turibdi.U menga qandaydir tanish tuyuldi, u ham meni tanigandek qarab turardi.

«Ey, bolakay, esladingmi?»
Orqaga qaytishimga to‘g‘ri keldi. U davom etdi. 
«Verzeani eslaysanmi? Sening oyog‘ingni sindirmoqchi bo‘lgandim?»
«Ha, esladim, lekin hazillashuvding-ku, to‘g‘rimi?»
«Yo‘q, uka, adashding» - dedi u, - «rostan ham seni cho‘loq qilib qo‘yishni niyat qilgandim. Endi esa, sen men yoqtirgan jamoada o‘ynayapsan. Sen menga yoqasan. Ishonish qiyin, agar seni o‘shanda sindirganimda, nima bo‘lardi?».

Biz kulishdik va birga rasmga tushdik. 

Braziliyada suvning vinoga aylanishi, degan ibora bor. Mening holatim ham shu iboraga juda mos keladi. Besh yil oldin men Verzeada o‘ynar va shunchaki yashashga harakat qilar, biror katta klubda o‘ynashim mumkinligini tasavvur qilmasdim. Axir men bilan o‘sha paytda o‘ynagan juda ko‘p ajoyib futbolchilar hozir avtobus haydashadi, supermarketda yoki qurilishda ishlashadi va hokazo. Bu ularning iste'dodsizligidan emas, aslo. Shunchaki, ular pul topishlari kerak bo‘lib qolgan va o‘z orzularidan voz kechishga majbur bo‘lishgandi.

Agar onam bo‘lmaganida, u meni quvvatlamaganida, men ham ularning biri bo‘lardim.

ORZU QILIShDAN TO‘XTAMANG
15 yoshimda «Palmeyras»da ko‘rikdan o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi. O‘smirlar jamoasiga qabul qilindim va ilk shartnomamga imzo chekdim. Shundan keyin barchasi juda tezlashib ketdi. Avvaliga asosiy tarkibga jalb qilindim, keyin esa, Rio Olimpiadasida qatnashayotgan terma jamoaga chaqirildim.

Terma jamoadan qo‘ng‘iroq bo‘lganda esa, ta'riflashga til ojiz. 

Bu men uchun nima ekanini tushuna olmaysiz. Axir atigi ikki yil oldin men JCh-2014 uchun devorlarni bo‘yab yurgan bola edim. Yaxshi rasm chizadigan bolalar devorlarga Neymar yoki David Luiz kabi yulduzlarning rasmini chizishardi. Ikki yil o‘tib esa, men Olimpiadada Neymar bilan bir jamoada to‘p surayotgandim.

2016 yildagi bu turnir Braziliya uchun o‘ziga xos qadrli edi. Chunki shu paytgacha yurtdoshlarim hech qachon olimpiada medallarini yutib olishmagan edi. O‘yinlar nafaqat Rioda bo‘layotgani uchun, ayniqsa, JCh-2014 tufayli ham bizga bosim juda yuqori edi.

Foto: Gettyimages.ru

Men JCh-2018da tarkibdan joy olish uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Ammo unutmaslik kerakki, bu Braziliya, doim raqobat juda yuqori. Aynan shuning uchun ham «Manchester Siti»ni tanladim, faoliyatimda yangi qadamni tashlashim, o‘sishim kerak edi.

Aytishim kerakki, bu yerda ko‘p narsa boshqacha. Quyoshni juda kam ko‘rasiz. Menda issiqroq mamlakatlardan ham takliflar bo‘lgan, ammo Pep Gvardiolaning qo‘l ostida to‘p surish imkoniyatidan voz kechib bo‘lmasdi. Begona o‘lka, begona til, begona insonlar orasiga borish haqida ikkilanayotgan paytimda, aynan Pepning qo‘ng‘irog‘i fikrimni qat'iylashtirgandi. U meni jamoasining muhim bo‘lagi sifatida ko‘rayotganini aytganida, boshqa o‘ylab ham o‘tirmadim.

Ammo Angliyaga ketishdan oldin bir ish qildim. Men hayotimning bir bo‘limini tugatishim juda zarur edi. Men o‘sha 9 yoshimda meni qutqarib qolgan «Pekeninos»ning stadioniga bordim. O‘zim bilan 250 juft eng zo‘r butsalarni olib bordim.

«Allo, maye!»

Foto: Gettyimages.ru

Aldab nima qildim, ilk bor Manchesterga kelganimda, shu paytgacha erishganlarimni yo‘qotgandek his qilgandim. Onam Angliya va Braziliya o‘rtasida borib kelaverar, men esa, usiz juda qiynalardim. U men uchun hamma narsa, ham ota, ham ona.

Esimga tushadi, «Pekeninos»da o‘ynab yurganimda, o‘yindan keyin o‘rtoqlarimni otasi kutib turgan bo‘lardi. Men esa, bir o‘zim. Oson bo‘lmagan. Ammo hozir, otam haqida so‘rasalar, onamni ko‘rsataman. U men va ukalarim uchun hammasini qilgan. U men uchun yana bir superqahramon.

Shuning uchun ham, har gol urganimda, u hatto stadionda bo‘lmagan paytlarda ham, «telefonimni ko‘taraman» va u bilan gaplashaman. 

«Allo, Maye...»

Foto: Gettyimages.ru

Men bu ishni amalga oshirayotganimda faqat onamnigina emas, do‘stlarimni, oilamni, murabbiy Mamedeni va umuman menga Braziliyada yordam bergan hammani eslayman.

Bilasizmi, men juda orzumand bo‘lganman. Lekin eng zo‘r xayollarimda ham bugungi kunlarga yetib kelishimga uncha ishonmagan bo‘lsam kerak. Bilaman, yana ko‘plab bolakaylar jahon chempionatlari oldidan devorlarni bo‘yab yurishadi. Balki ular ham bir paytlardagi men kabi, katta klublardan uzoqdadir. Balki ularga kimdir hech qachon orzulari amalga oshmasligini aytayotgandir. Ammo ularga aytamanki, hech qachon orzularidan voz kechishmasin.

«Etihad» tunnelida yurishimdan to‘rt yil oldin men Varzeada edim va mening oyog‘imni sindirmoqchi bo‘lishgandi. To‘g‘ri, bugungi kuning buterbrodlar va gazli suvlar orasida o‘tayotgandir, ammo kim biladi, sen mehnat qilishda davom et va bir kun, har narsa bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi?

Xullas, men bolakaylarga yuzlanmoqchiman. Agar mening hikoyamni to‘liq o‘qib chiqqan bo‘lsangiz, sizlar uchun oxirgi gapim bor - «hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang»
Aytgancha, men uchun yana bir ish qil, bo‘ptimi? Onangga qo‘ng‘iroq qil. U seni sog‘inadi. Ular har doim sog‘inishadi.

Gabriel Jyezus

The Players Tribune


Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid