O‘zbekiston | 13:55 / 09.02.2018
6758
5 daqiqa o‘qiladi

“O‘zstandart” agentligining Buxoro hududiy boshqarmasi hamda markazi tashabbusi bilan eksportyorlar uchun seminar-trening o‘tkazildi

Foto: O‘zstandart

Joriy yilning 7 fevral kuni “O‘zstandart” agentligining Buxoro standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda “Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tomonidan viloyatda mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar, fermer xo‘jaliklari hamda eksportyor korxonalarga “Halol”, “Global G.A.P.” va Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro standartlari bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi.

Qisqa muddat ichida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, eksportchi korxonalarga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish borasida bir qator muhim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumat qarorlari, farmonlari va farmoyishlari qabul qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitni yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarimizni jaxon bozorlariga chiqishlari hamda eksport salohiyatini yanada oshirishda mustahkam poydevor vazifasini o‘tamoqda.

Foto: O‘zstandart

2017 yilning 28 iyul kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahalliy eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” qaroriga asosan endilikda mahalliy eksport qiluvchi korxonalar va fermer xo‘jaliklari tomonidan mahsulot eksport qilishdan tushgan valyuta tushumlarining 25 foizini majburiy sotish bo‘yicha talab bekor qilindi, bu esa, o‘z navbatida, xorijiy xamkorlardan tushgan valyuta tushumlarini korxonalarning o‘z ixtiyorida qolishiga hamda bu mablag‘larni xorijdan zamonaviy texnologik uskunalarni jalb qilish, xalqaro standartlar va sifat menejmenti tizimlarini joriy etish, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo xarid qilishda keng imkoniyatlarni yaratadi.

Shuni alohida aytib o‘tish joizki, milliy iqtisodiyotimizda qishloq xo‘jaligi salmoqli o‘rin tutadi. Chunki, qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz uchun muhim ahamiyat kasb etgan soha hisoblanib, u oziq-ovqat fondini shakllantiradi, oziq-ovqat mustaqilligini ta'minlaydi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan sanoat korxonalari uchun mahsulot yetkazib beradi va aholini ish joylari bilan ta'minlaydi.

Davlatimiz tomonidan aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini ichki imkoniyatlar hisobiga barqaror ta'minlash, shu bilan birgalikda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini ko‘paytirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bu borada, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “Halol”, “Global G.A.P.” va Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlanishi yoki qayta ishlanishi ushbu mahsulotlarimizni jahon bozorlarida raqobat qila olishlari, ayniqsa sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuksak darajaga ko‘tarilishida muxim omil xisoblanadi.

Shu maqsadda, joriy yilning 7 fevral kuni “O‘zstandart” agentligining Buxoro standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda  “Buxoro sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi tomonidan viloyatda mahsulot  ishlab chiqaruvchi korxonalar, fermer xo‘jaliklari hamda eksportyor korxonalarga  “Halol”, “Global G.A.P.” va Organik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro standartlarining mazmun mohiyati va afzalliklari to‘g‘risida seminar trening tashkil etildi. Seminarda malakali mutaxassislar tomonidan yuqorida keltirib o‘tilgan xalqaro standartlarni talablari xususida bandma band ma'lumotlar berib o‘tildi va fikrlar almashinildi.

Foto: O‘zstandart

Bugungi kunda O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotining o‘ta qimmatli navlarini yetishtirish va qayta ishlash, ularni eksport qilish sohasida katta salohiyatga ega. Agrar sektorda eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va uni qayta ishlaydigan sanoatni yetakchi o‘ringa ko‘tarish qishloq xo‘jaligida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydi.

Mamlakatimizda ana shu yo‘nalishda sabzavot, meva, poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining mintaqalar tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirilgan yangi istiqbolli navlarini yaratish bo‘yicha aniq maqsadli ishlar olib borilmoqda, bu esa, oxir-oqibatda, ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatini oshirishga yordam bermoqda. 

Mavzuga oid