O‘zbekiston | 17:20 / 13.02.2018
38303
8 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht narxi oshishi sabablari va unga qarshi choralar - iqtisodchidan vazirlikka taklif

Iqtisodchi O‘zbekistonda go‘sht va go‘sht mahsulotlari ko‘tarilib ketgani sabablari bo‘yicha o‘z fikrlari bildirilgan maktubini tahririyatga yo‘lladi.

Assalomu alaykum, KUN.UZ saytining hurmatli xodimlari. Saytingizda respublikamiz aholisi hayotidagi dolzarb muammolar va davlatimizning ichki va tashqi siyosatida bo‘layotgan o‘zgarishlar xolisona yoritilib borayotganini kuzatgan holda, ushbu fikrlarimni aynan siz bilan o‘rtoqlashishni lozim topdim.

Agar mening xulosalarim saytingizda e'lon qilinib, mutasaddi tashkilotlar e'tiborini jalb qilsa, o‘ylaymanki, juda o‘rinli ish bo‘lardi. Saytingizda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan e'lon qilingan materiallarda (Go‘sht narxi nega ko‘tarilib ketdi?) go‘sht narxi oshib ketishiga yem mahsulotlari tannarxi qimmatligi va realizatsiya bilan bog‘liq ishlarda «vositachilar»ning ko‘payib ketgani asosiy sabablardan deb ko‘rsatgani hamda narxlarni bir me'yorda ushlab turish uchun bozorlarga arzon narxlarda go‘sht yetkazib bergan fermer va qorako‘lchilik xo‘jaliklariga yog‘-moy korxonalari mahsulotlari birja savdolari orqali imtiyozli shartlarda ajratilishi va boshqa choralaridan ko‘rinib turibdiki, ular tomonidan go‘sht narxi oshib ketishining asosiy sabablari hamda ularni bartaraf etish choralari to‘liq va xolisona o‘rganilmagan. Shu sababdan, taalluqli sohalarda uzoq yillar ishlagan oliy ma'lumotli iqtisodchi sifatida o‘z fikrimni bildiraman.

1. Yem mahsulotlari asosan davlat tasarrufida bulgan Yog‘-moy va Donmahsulot korxonalarida ishlab chiqarilayotgani va narxlari davlat tomonidan qat'iy belgilangani sababli tannarxining qimmatligi yem mahsulotlari narxi oshishiga va mos ravishda go‘sht narxi ko‘tarilishiga olib kelmaydi.

2. Prezidentimizning 19.01.2018 yildagi Yog‘-moy mahsulotlari narxi asossiz oshishiga qarshi qaratilgan qarori bilan Ozuqa-yem ta'minoti birlashmalari tugatilgandan keyin yem-mahsulotlarining realizatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi birgina rasmiy vositachi bor, u ham bulsa Tovar va xomashyo birjasidir.

3. Bozorlarimizda sotilayotgan go‘shtning 50 foizidan ko‘proq ulushi aholining ish bilan ta'minlanmagan qatlami tomonidan shaxsiy xo‘jaliklarda yetishtirilayotganini va bu faoliyat Prezidentimiz tomonidan rag‘batlantirilayotgan tadbirkorlikning bir ko‘rinishi ekanini hisobga olgan holda ularni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmagan.

Shu sababdan, faqat arzon go‘sht sotayotgan fermer xo‘jaliklariga (ko‘pgina hollarda «arzon go‘sht sotdi», deyilgan qalbaki ma'lumotlarga asosan) birja savdolari orqali yem mahsulotlari imtiyozli holatda sotilganda ham, 1 kg go‘sht yetishtirish uchun qora bozorda o‘rtacha narxi 1700-2200 so‘m bo‘layotgan 18-20 kg yem mahsulotlari sarf bo‘lishi va boshqa xarajatlar hisobga olinsa, 1 kg go‘shtning tannarxi 35–40 ming so‘mga, mol boquvchi va «insofi haminqadar» qassobning foydasi qo‘shilsa, sotilish narxi 45–50 ming so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Go‘shtning narxi majburiy ushlab turilgan taqdirda esa (bugungi kunda aynan shunday qilinmoqda) ko‘riladigan zararlar oqibatida aholining hisobidagi aylanma mablag‘i va mos ravishda boquvdagi mollarning bosh soni kamayib, go‘sht tanqisligi yuzaga keladi va xalqimiz go‘shtni ko‘p iste'mol qilishi evaziga narxlar keskin tarzda ko‘tarilib ketadi.

Shu sababli, amalda sinalgan va qisqa fursatda go‘sht yetishtirishni ko‘paytirish va narxlarni sezilarli darajada tushirishi mumkin bo‘lgan quyidagi chora-tadbirlarni taklif qilaman:

1. Ishlab chiqarilayotgan ozuqa-yem mahsulotlarining asossiz ravishda qimmat sotilayotganiga eng asosiy sababchilar bo‘lgan, amaldagi qonunlarimizni qo‘pol tarzda buzib, o‘zboshimchalik bilan ish yuritayotgan, uzoq yillardan buyon soxta «investorlar» tomonidan boshqarilayotgan Yog‘-moy va Donmahsulot korxonalarida to‘liq Davlat nazoratini o‘rnatgan holda oshkora avjiga chiqqan korrupsiyaga va yem mahsulotlari savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanayotgan qallob «tadbirkorlar»ga qarshi (paxta chigitini noqonuniy qayta ishlovchilarga qo‘llanilayotgani kabi) keskin choralar qabul qilish;

2. Balansida bitta ham chorva moli bo‘lmagan holda yarmarkalarda «arzon go‘sht sotayotgan» va mol bosh soni kamayib ketgani uchun ajratilgan yem mahsulotlarini birja savdolari qoidalariga zid ravishda aholiga qimmat narxlarda qayta sotayotgan fermer va qorako‘lchilik xo‘jaliklarini inventarizatsiya qilish;

3. Ozuqa-yem mahsulotlari narxlarini ishlab chiqaruvchilarning rentabellik darajasini va sotish xarajatlarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish va oldindan ma'lum xaridorlar ro‘yxati va narxlar chegarasi taqdim qilinadigan, qonuniy va noqonuniy vositachiliklari oqibatida narxlarning oshishiga sabab bo‘layotgan, yem mahsulotlariga nisbatan mantiqsiz birja savdolarini (xususiy korxonalarda ishlab chiqariladigan va import qilinayotgan yem mahsulotlari istisno tariqasida) bekor qilish, arzon go‘sht sotgan fermer xo‘jaliklariga hamda qorako‘lchilik xo‘jaliklariga haqiqatda sotgan go‘sht mahsuloti miqdori va mol bosh soniga mos ravishda vakolatli vazirliklar tomonidan oyma-oy fondlar ajratish;

4. Aholining asosiy faoliyati va shaxsiy chorva xo‘jaliklaridagi chorva mollarining bosh sonini hisobga olgan holda, mahalliy hokimliklar va mahala fuqarolar yig‘ini dislokatsiyasiga asosan ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan tashkil qilingan savdo shoxobchalari orqali, aholiga naqd pulga yem mahsulotlari sotishni qayta yo‘lga qo‘yish;

5. Chetdan arzon yem mahsulotlari olib kelinishini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarni (bojxona to‘lovlari hisobidan) va naslchilik xo‘jaliklari (yaylovlarni ko‘paytirish, imtiyozli kreditlar berish orqali) rag‘batlantirilib, ozuqa yem miqdorini va chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish.

Men bu fikrlarimni aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda yozdim va bu takliflarni Iqtisodiyot vazirligida o‘tirgan tajribali mutaxassislar qo‘shimcha va o‘zgarishlar bilan ko‘rib chiqsalar va boshqa vakolatli organlar tomonidan kerakli choralar ko‘rilsa, kirim qilinmasdan noqonuniy sotib yuborilayotgan ming-ming tonnalab un, yog‘, shrot, sheluxa, omixta yem, xo‘jalik sovuni kabi birinchi darajali iste'mol tovarlari hisobidan byudjyet to‘lovlarining har yili bir-necha yuz milliardlab so‘mga ko‘payishiga, asossiz ravishda oshib ketayotgan yem mahsulotlari narxlari pasayishi hisobidan bozorlarda go‘sht mahsulotlarining arzonlashishiga va shaxsiy xo‘jaliklarida chorva mollarini boqish imkoniyati bor millionlab xalqimizning ish qidirib chet ellarga ketishga majbur bo‘lishi oldi olinishiga erishilgan bo‘lardi.

Muzaffar Jo‘rayev,

Qashqadaryo viloyati, Koson tumani

Mavzuga oid