O‘zbekiston | 09:50 / 20.02.2018
14647
7 daqiqa o‘qiladi

Internet tarmog‘i “Oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha kengaytiriladi

Foto: UzReport

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini boshqarish va joriy etish sohasidagi bir qator tizimli muammo va kamchiliklar ushbu sohaning jadal rivojlanishiga, sifatli axborot xizmatlarini ko‘rsatishga to‘sqinlik qilayotgani aytilgan. Xususan: 

birinchidan, telekommunikatsiya infratuzilmasi yetarlicha rivojlanmagan, mamlakatning olis aholi punktlari telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlanmasdan qolmoqda, mobil aloqa va Internet tarmog‘ining sifati aholi ehtiyojlarini qondirmayapti; 

ikkinchidan, davlat boshqaruvi tizimiga axborot texnologiyalari 
va kommunikatsiyalarini joriy etishda yagona texnologik yondashuvning samarali amalga oshirilmaganligi sababli idoraviy axborot tizimlari 
va resurslari alohida-alohida joriy qilinmoqda, buning oqibatida ularni yagona axborot makoniga integratsiyalash jarayoni murakkablashmoqda; 

uchinchidan, elektron tijoratda integratsiyalashgan savdo va marketing platformalari, internet-do‘konlar, to‘lov tizimlarini, shuningdek, logistika tizimlarini joriy etishga yetarlicha e'tibor qaratilmayapti, bu iqtisodiyot va tadbirkorlik rivojlanishi, chet el investitsiyalari jalb qilinishi to‘xtatib turilishining sabablaridan biri bo‘lmoqda; 

to‘rtinchidan, davlat axborot tizimlari va resurslarida axborot xavfsizligini va axborotni muhofaza qilishni ta'minlash ishlarining zaif tashkil etilganligi axborotdan ruxsatsiz foydalana olish, ma'lumotlar bazalarining butunligi va maxfiyligini buzish imkoniyatini oshirmoqda; 

beshinchidan, ko‘plab davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning sifati va tezkorligini oshirish, byurokratik tartib-taomillarga barham berish, qog‘oz hujjat aylanishini kamaytirishga qaratilgan axborotlashtirish hamda zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish loyihalarini amalga oshirish masalalariga yetarlicha e'tibor berilmayapti; 

oltinchidan, pochta aloqa xizmatlari va logistika tizimini modernizatsiya qilish, pochta aloqasi milliy operatori faoliyatining sifat jihatdan yangi uslublarini joriy etish va bozorda uning faoliyati mavqeini oshirishga doir ta'sirchan choralar ko‘rilmayapti; 

yettinchidan, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi IT-texnologiyalar rivojlanishining tezkor sur'atlarini hisobga olmayapti, shuningdek, ta'lim berishning ilg‘or uslublarini joriy etish uchun xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta'lim muassasalari bilan samarali muloqotni tashkil qilish imkonini bermayapti; 

sakkizinchidan, elektron hukumat, elektron tijorat, elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi, ularning shaffofligi va ochiqligi, shuningdek, telekommunikatsiya infratuzilmasining rivojlanishida ancha ilgarilab ketgan mamlakatlarning tajribasini chuqur o‘rganish va joriy etish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti. 

Farmon bilan quyidagi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari va faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi: 

1. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish 
va qo‘llash sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda munosabatlarni tartibga solish, elektron hukumatni joriy etish, axborot jamiyati va raqamli iqtisodiyotni shakllantirish faoliyatini muvofiqlashtirish.

2. “Oxirgi milya” tamoyili bo‘yicha Internet tarmog‘idan keng polosali foydalanishni kengaytirish, multiservisli aloqa tarmoqlari texnologiyalari, mobil aloqa bozori, boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari, shuningdek, logistika va pochta aloqasi xizmatlari orqali telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish. 

3. Davlat organlarining axborot tizimlari va resurslarini ishlab chiqish hamda joriy etish, idoralararo o‘zaro elektron hamkorlikni tashkil qilish, yagona elektron reyestrlar va ma'lumotlar bazalarini, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimlarini shakllantirishga yagona texnologik yondashuv amalga oshirilishini ta'minlash; 

4. Davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning real sektorida innovatsiyalarni joriy qilishga ko‘maklashish, raqamli iqtisodiyot o‘sishini rag‘batlantirish, shu jumladan ishlab chiqarishda kompleks avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy etish, elektron tijoratning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish. 

5. Shahar va hududiy infratuzilmani, shu jumladan kelgusida integratsiyalashgan, “aqlli” va “xavfsiz” shahar yagona kompleksiga birlashtirgan holda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, transport logistikasini, shoshilinch xizmatlarni boshqarishning zamonaviy intellektual tizimlarini joriy etish va rivojlantirish. 

6. Texnoparklar va kovorking-markazlar faoliyatini tashkil qilish, 
shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy raqobatbardosh va eksport uchun mo‘ljallangan dasturiy mahsulotlar hamda xizmatlarning mahalliy ishlab chiqarilishini rivojlantirishni rag‘batlantirish, shart-sharoitlar yaratish va investitsiyalarni jalb qilish. 

7. Yetakchi xorijiy kompaniyalar va ta'lim muassasalarining eng yaxshi amaliyoti asosida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida strategik va loyiha boshqaruvi, menejment, marketing bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni tashkil qilish. 

8. Kiberxavfsizlikni ta'minlash va tarmoqlar, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va resurslarini joriy qilishni ta'minlash bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish, shaxsiy va biometrik ma'lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va saqlash bo‘yicha texnologiyalarning qo‘llanishini tartibga solishda ishtirok etish. 

9. Taqdim etilayotgan telekommunikatsiya va pochta aloqasi xizmatlarining yuqori sifatini ta'minlash maqsadida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida qonun hujjatlariga rioya etilishining davlat nazoratini amalga oshirish. 

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini qo‘llash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha, shu jumladan, texnik standartlar, reglamentlar joriy etilishini tashkil qilish, shuningdek, Vazirlikning faoliyat sohasiga kiradigan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish. 

Mavzuga oid