Turkiya Suriya hududida nega harbiy amaliyot boshlagan?
Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashshar Shen turk harbiylari tomonidan Suriya shimolidagi Afrin hududida olib borilayotgan «Zaytun novdasi» amaliyotiga izoh berdi. Uning Kun.uz muxbiriga aytib berishicha, Turkiya harbiylari Suriya suvereniteti va yaxlitligini saqlab qolgan holda, Afrindagi terrorchi YPG va PDY guruhlariga qarshi kurash olib bormoqda.
«Turkiyada hech qanday etnik, milliy yo diniy kamsitilishga yo‘l qo‘yilmaydi», deydi elchi.
Uning ta'kidlashicha, keng jamoatchilikka yetkazib berilayotgan xabarlarda kurdlarning nomi nohaq qo‘llanaverishi rasmiy Anqarani tashvishga soladi.
«Biz kurdlarga hech qachon o‘zgacha ko‘z bilan qaramaganmiz. Ular ham tinchlikni sevib, faqat ijobiy o‘zgarishlarni istaydigan xalqning bir bo‘lagi. Turkiyaning Suriya hududidagi Afrin yerlarida olib borayotgan «Zaytun novdasi» amaliyoti hech qanaqasiga kurdlarga qarshi qaratilgan harbiy qadam emas. Hukumat o‘z xalqi va mamlakatini himoya qilishi, mudofaa maqsadida harbiy amaliyotlar olib borish huquqiga ega. Ayni harakatlar ham buni isbotlaydi: biz mamlakat chegarasida vaziyat izdan chiqqani uchun bir to‘xtamga keldik. Suriyaga tutash chegaramizda «Frot qalqoni» amaliyoti o‘tkazildi. Endilikda Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchilarining Suriyadagi guruhlarini zararsizlantirish uchun Afrinda harbiy amaliyot boshlandi.
Qisqa muddatda terrorchilar raketali va quruqlikdan turib 52 marta Turkiyaga hujum qilgandi. Ularning badkor harakati bilan chegarada yashaydigan qariyb 3,5 million kishi o‘z uyini tark etib Turkiya qochib o‘tgan», deydi u.
Rasmiy ma'lumotga ko‘ra, 1715 nafar terrorchi «Zaytun novdasi» amaliyoti davomida yo‘q qilingan. Shuningdek, amaliyotlar davomida tinch aholi vakillari qurbon bo‘lmagani qo‘shimcha qilingan.
«Biz amaliyotni olib borayotganimizga qariyb bir oy bo‘lmoqda. Shu vaqt davomida Afrinning sezilarli qismiga kirib bormadik, albatta, Turkiya Mudofaa kuchlari tezlik bilan amaliyotni tugatish qudratiga yetadi. Ammo, tinch aholi vakillariga ziyon yetkazmaslik uchun barcha imkoniyatdan foydalanyapmiz», deydi janob Shen.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakilining aytishicha, ushbu harbiy amaliyotda mahalliy aholiga ziyon yetkazmaslik zarurati tufayli kichik to‘qnashuvning o‘zida 12 nafar turk askari vafot etdi.
«Turkiyaning mazkur harakatini NATO Bosh kotibi ham qo‘llab-quvvatlaydi, ammo tashkilotdagi ba'zi ittifoqdoshlarning siniq ovozi ham eshitilib turibdi. Turkiya har qanday ovozga munosib javob qaytarib kelmoqda. O‘ylaymanki, bu borada g‘arb davlatlarining fikri biznikidan farq qilmaydi», deydi elchi.
Eslatib o‘tamiz, AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson Turkiyaning Afrindagi harbiy amaliyotiga jiddiy munosabat bildirgandi. Bunga javoban rasmiy Anqara AQSh elchixonasi joylashgan poytaxt ko‘chalaridan biri nomini aynan «Zaytun novdasi» nomiga o‘zgartirdi.
Mavzuga oid
21:04 / 22.12.2024
Turkiyada tibbiy vertolyot shifoxona binosiga urilib, qulab tushdi
11:37 / 22.12.2024
O‘g‘rilikda ayblanib 4 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyadan O‘zbekistonga deport qilindi
20:38 / 20.12.2024
Erdo‘g‘an Suriya shimolidagi terrorchilarni zararsizlantirish vaqti kelganini aytdi
17:42 / 20.12.2024