Jahon | 10:26 / 21.02.2018
4417
3 daqiqa o‘qiladi

Mayk Pensning Shimoliy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuvi bekor qilingani tasdiqlandi

Foto: AP Photo / Risto Bozovic

Oq uy Shimoliy Koreya Pyongchangdagi Olimpiada vaqtida AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens bilan uchrashuvni bekor qilgani haqidagi maqolalar rostligini tasdiqladi.

“Pxenyan vitse-prezident Shimoliy Koreya haqida yumshoqroq gapirishi umidida uchrashuvni ortga surdi. Bu Shimoliy Koreyaga Olimpiadada o‘z tashviqoti uchun jahon sahnasiga ega bo‘lishga imkon berardi”, deb aytilgan Pens apparati boshlig‘i Nik Ayyers bayonotida.

“Ular uchrashuvdan bosh tortishdi. Ehtimol ular muzokaralar stoli atrofiga o‘tirish uchun hech qachon samimiy tayyorlanmaganlar”, deb qo‘shimcha qilgan Ayyers.

Avvalroq OAVda Pens Shimoliy Koreya yetakchisining singlisi Kim Yo Chjon bilan uchrashishga tayyorlangani, biroq uchrashuv bo‘lib o‘tmagani haqida ma'lumot berilgandi. Pens Olimpiada davomida Shimoliy Koreyani bir necha marta keskin tanqid qilgan. Shunga qaramay, Pens Olimpiada ochilish marosimida Shimoliy Koreya delegatsiyasi yonida o‘tirgan va Oq uyning ma'lum qilishicha, Shimoliy Koreya vakillariga “e'tibor qaratmagan”.  

Maqolada ma'lum qilingandek, Shimoliy Koreya vakillari Pens bilan uchrashuvni oxirgi lahzada bekor qilishgan. Buni AQSh davlat departamenti rasmiy vakili Xezer Nauert ham tasdiqladi.

“Shimoliy Koreya vakillari oxirgi lahzada uchrashuvni o‘tkazmaslikka qaror qilishgan. Biz ular shunday imkoniyatdan foydalanmaganlaridan afsusdamiz”, deb aytgan Nauert.

Nauert Vashington Pens safari davomida Shimoliy Koreyadagi inson huquqlari buzilishlari va Shimoliy Koreyadan og‘ir ahvolda qaytib, ko‘p o‘tmay vafot etgan amerikalik Otto Uormbiyer o‘limiga e'tibor qaratgani uchun Pxenyandan uzr so‘ramasligini qo‘shimcha qilgan.

“Biz Shimoliy Koreyaning qishki Olimpiadaga kelishi ushbu tuzumning asl mohiyatini va dunyo bu tuzum amalga oshirayotgan qurollanish dasturlari oldida birdam bo‘lishini yashirishga imkon berishiga ijozat bermaymiz. Shimoliy Koreyaning diplomatik va iqtisodiy yakkalanishini tobora chuqurlashtirayotgan bosim o‘tkazish kampaniyasi Pxenyan Koreya yarimorolini qurolsizlantirish bo‘yicha ishonchli muzokaralarga rozi bo‘lmaguncha davom etadi”, deb aytgan Nauert.

Mavzuga oid