Jahon | 10:49 / 21.02.2018
15594
3 daqiqa o‘qiladi

Rahmat Oqilov Stokholmda odamlarni qasddan o‘ldirganini tan oldi

Foto: Aftonbladet

20 fevral kuni O‘zbekistonning 40 yoshli fuqarosi Rahmat Oqilov Stokholmdagi sud oldida javob berdi va o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan oldi. Mahalliy The Local nashrining xabar berishicha, Oqilov sudda yuk mashinasini olib qochishi va odamlarga uni haydab borishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – «Shvetsiya fuqarolarini o‘ldirish» bo‘lganini ma'lum qilgan.

Stokholmdagi sudga seshanba kuni olib kelingan o‘zbekistonlik 40 yoshli Rahmat Oqilov Shvetsiya poytaxtida 2017 yilning 7 aprel kuni sodir etilgan teraktni amalga oshirganlikda ayblanmoqda. Oqilov Stokholm markazidagi Drottninggatan ko‘chasida odamlarni bosgancha 550 metr yurib o‘tgan. Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida 15 kishi yaralangan, 5 kishi halok bo‘lgan.  

«Men Shvetsiya xalifalikka qarshi kurashni to‘xtatishini xohladim. Ular harbiy hududga askarlar yuborishni, urushga mablag‘lar ajratishni bas qilishlarini istagandim», - deya Rahmat Oqilovning so‘zlarini keltiradi Shvetsiyaning The Local nashri.

Oqilov ko‘rsatma berib, qilgan ishidan pushaymon emasligini oshkora ko‘rsatgan. «Men sodir etgan ishimdan ko‘zlangan maqsad – men NATO koalitsiyasi bombardimonidan jabrlanganlar bilan yuragim hamda qalbim bilan birga ekanimni ko‘rsatib berish edi», - deya aytib o‘tgan Oqilov.

Avvalroq Oqilov IShID terrorchilik guruhiga sodiqlik keltirganini tan olgandi. Biroq ekstremistik tashkilot o‘tgan yili Stokholm markazida sodir bo‘lgan terakt uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olmadi. Tergovning ko‘rsatishicha, Rahmat Oqilovning terakt vaqtidagi xatti-harakatlarini Suriyada bo‘lgan tojik jangarilari boshqarib turgan, Oqilovning yo‘riqchilari orasida dog‘istonlik shaxs ham bo‘lgan.

Sudning birinchi kuniyoq prokurorlar Rahmat Oqilov uchun umrbod qamoq jazosini so‘rashdi. Shvetsiyada umrbod ozodlikdan mahrum etish muddati turlicha bo‘lishi mumkin, biroq o‘rtacha u 16 yilni tashkil etadi. Kutilishicha, Oqilov ishi bo‘yicha sud may oyiga qadar davom etadi, hukm esa iyunda chiqariladi.

Mavzuga oid