Jahon | 08:00 / 04.03.2018
6462
2 daqiqa o‘qiladi

Iroq byudjyetida kurdlarning ulushi kamaytirildi, kurdlar norozi

Foto: AP Photo / Khalid Mohammed

Iroq parlamenti 3 mart kuni kurd deputatlarining noroziligiga qaramay, mamlakatning 2018 yilgi byudjyetiga tuzatishlarni tasdiqladi. Bu haqda kurd deputatlaridan biri, moliya qo‘mitasi a'zosi Mas'ud Haydar ma'lum qildi.  

“65 kurd deputati yangi byudjyetning bir necha bandiga norozilik sifatida unga ovoz berishga bag‘ishlangan yig‘ilishni tark etdi. Kurdlar norozi bo‘layotgan bandlardan asosiysi – Kurdiston ulushining 17 foizdan 12,6 foizga kamaytirilishidir”, deb aytgan deputat.  

Yig‘ilishda 176 deputat ishtirok etgan. Parlament byudjyetga o‘zgartirishlarni ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlagan.

Deputat Ashvak al-Jofning ma'lum qilishicha, parlament mamlakat byudjyetini kurdlarsiz tasdiqlagandan keyin Kurdiston siyosiy bloklari rahbarlari Kurdiston rahbariyatidan Bag‘dod bilan kelishuvlardan chiqishni talab qilishga qaror qilishgan.

Iroq federal hukumatining Iroq Kurdistoni bilan munosabatlari kurdlar tomondan 2017 yil sentabrda mustaqillik referendumi o‘tkazilgandan keyin keskinlashdi. Bag‘dod bu referendum o‘tkazilishiga ruxsat bermagan. Referendumdan keyin Iroq hukumati kurd muxtoriyatiga nisbatan bir qator sanksiyalar kiritgan. 

Mavzuga oid