Moskvaga 44 tonna nosvoy olib bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik bir yillik qamoq jazosi oldi
Rossiya sudi 2016 yil yozida chegara orqali 44 tonna nosvoyni olib o‘tmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosiga jazo huqmini chiqardi.
Rossiyada nosvoy sotish taqiqlangan. Biroq O‘zbekiston fuqarosi bunga qaramay, Moskvaga nosvoyni sotish maqsadida yetkazmoqchi bo‘lgan. Noqonuniy tovar Rossiya chegarasining Akbulak tumani o‘tkazish punktida aniqlangan.
Tergovning aniqlashicha, nosvoy boshqa shaxslar bilan til biriktirilgan holda olib o‘tilmoqchi bo‘lgan, biroq bu shaxslarni aniqlashning iloji bo‘lmagan.
Akbulak sudi qo‘lga olingan o‘zbekistonlikni hayot va sog‘liq uchun xavfli mahsulotni sotish maqsadida tashishga urinishda aybdor deb topgan. O‘zbekistonlikka bir yillik qamoq jazosi va 100 ming rubllik jarima tayinlangan. Bundan tashqari, u 44 tonna nosvoyni yo‘q qilishga ketgan 250 ming rubllik xarajatni to‘lab berishi lozim.