Jamiyat | 11:49 / 05.03.2018
86633
3 daqiqa o‘qiladi

Bomdodga ketyapman, bolam...

Foto: muslimmatters

Surxondaryo viloyatida qorilar musobaqasining viloyat bosqichini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy ishlarga yordam berish uchun Toshkent shahridagi «Mirza Yusuf» (Bodomzor) jome masjidi va Mehrob.uz ijodiy jamoasi 2018 yilning 25 fevral – 1 mart kunlari Surxon vohasida safarda bo‘ldi.   

Surxon vohasiga sheriklarimiz bilan tunda, yengil mashinada yo‘lga otlandik. Borguncha Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlaridan o‘tiladi. Qashqadaryo vohasi, uning qadimiy Nasaf va Kesh shaharlari dovrug‘i butun dunyoga yoyilgan olimu fuzalolarga beshik bo‘lgan. Manbalarda birgina Kesh shahrida VII–XII asrlarda 60 dan ortiq muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yetishib chiqqani tilga olinadi.

26 fevral kuni tong saharda – soat 04:26 da Shahrisabzdan, qadimiy Kesh shahridan o‘tib boryapmiz. Hali shahar uyquda, yo‘lda mashinalar juda kam.

Yo‘l charchog‘idan qattiq uyquga ketgan sheriklarimiz endi uyg‘ona boshlaganda yo‘l chetida oppoq kiyimdagi bir nuroniy otaxonga ko‘zimiz tushdi. «U kishini ham olib ketaylik» deb Kamoliddin hoji aytdi, to‘xtagunimizcha ancha nariga o‘tib ketibmiz. Orqaga qaytib, yonlarida to‘xtadik. Eshikni ochib, salom berdik, «Tong yorishmasdan qayoqqa ketyapsiz, otaxon?» deb mashinaga taklif qildik. Otaxonning javoblari biz uchun bir umrlik dars bo‘ldi. Oq yaktak kiygan, saksondan oshgan bu nuroniy hoji buva bomdod namozini o‘qish uchun masjidga ketayotgan ekanlar. Ko‘zlarimiz quvonib, otaxondan so‘radik:

– Otaxon, masjidda bomdod soat nechida o‘qiladi? Hali erta emasmi?
– Borganimcha bomdod vaqti bo‘ladi-da, bolam.

Rostdan ham, otaxon bilan suhbatlashib, yetti-sakkiz chaqirim yo‘l yurganimizdan keyingina masjidga yetib keldik. Buni qarang, otaxon qishin-yozin, har kuni bir yarim, ikki soat piyoda yurib, bomdod namoziga mana shu masjidga kelar ekanlar. 

Nuroniy otaxon barchamizni duo qilib, xayrlashib qoldilar.

Biz esa ikki soatdan so‘ng G‘uzor tumanidagi «Musofir ota» jome masjidida bomdod namozini o‘qidik.

Yo‘lda ketar ekanmiz, ko‘nglimdan shunday fikrlar o‘tdi: «Biz uyimizning yonginasidagi masjidga bomdod namoziga chiqmaymiz. Vaholanki, nahorda osh bo‘lsa, shaharning narigi chekkasiga ham yetib boramiz. Iloyo barchamizga shu otaxondagi ixlosu himmat nasib qilsin...».

Bahodir Muhammad

Mavzuga oid