Jamiyat | 12:37 / 06.03.2018
17702
3 daqiqa o‘qiladi

Yaxshilar ko‘magida sakkiz yashar qiz o‘z yuragida murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi

Foto: KUN.UZ

Soniyalar ortidan daqiqalar, daqiqalar ortidan soatlar, soatlar ortidan kunlar kelaveradi, ketaveradi. Biz esa kun tashvishi, orzu-niyatlar ortidan chopaveramiz, bir zum bo‘lsa-da tinmaymiz. Umrimiz so‘ngida esa o‘zimiz o‘zimiz sarhisob qilaveramiz. Ana shu damlarda bizga umid beruvchi kuch – yaxshiliklarimizdir. 

KUN.UZ sayti orqali Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi fuqarodan kelgan murojaat asosida xayriya aksiyasi e'lon qilingan edi. Unda tumandagi “O‘roqbo‘yjar” MFYda yashovchi Laylo Andaqulovaning to‘qqiz yoshli farzandi Farida To‘xtamishevaning yurak xastaligiga chalingani bayon etilgan. 

Urgutlik 9 yoshli To‘xtamisheva Faridaning yuragini operatsiya qilish uchun yordam kerak, yaxshilar!

Maqola e'lon qilingach, yurak paromining og‘ir formasi bilan xastalangan qizaloqqa yaxshilik qiluvchilar soni ko‘paydi. Uning shifo topib, sog‘lom hayotga qaytishini istaganlar topildi. Faridaning operatsiyasi uchun zarur bo‘lgan bo‘lgan pul miqdori yig‘ildi. Biz qizaloqdan hol-ahvol so‘rash uchun poytaxtda joylashgan akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markaziga yo‘l oldik. U yerda salomatligi yaxshi, ko‘zlarida kulgu o‘ynab turgan Faridani uchratdik.

- Katta bo‘lsam shifokor bo‘laman, - deydi qizaloq. – Kasal bo‘lib qolganlarga yordam beraman. 

Foto: KUN.UZ

- Bemor To‘xamisheva Farida 8 yoshda. 2018 yilning 7 fevral kuni shifoxonamizning tug‘ma nuqsonli yuraklar bo‘limiga tez charchash, xansirash, ko‘karish holatlari bilan yotqizildi. Qizchaning yuragida to‘rtta nuqsoni bor deb tashxis qo‘yildi. Bu murakkab nuqsoni bor yurak hisoblanadi. biz Faridani operatsiya qildik. Ayni damda qizchaning holati yaxshi, - dedi biz bilan suhbatda shifokor Umid Murodov. 

Foto: KUN.UZ

Faridaning onasi Laylo opa shunday deydi: “Men, hayotdan sovugan inson edim. Ammo dunyoda shunday yaxshi insonlar borligini ko‘rib, fikrim o‘zgardi, hayotga bo‘lgan qarashim yangilandi. Qizimga yordam qo‘lini cho‘zgan barchadan minnatdorman. Bizga bor e'tiborlari bilan qaragan barcha shifokorlarga ham o‘z minnatdorligimni bildiraman”.

Foto: KUN.UZ

Zulmatdan so‘ng, albatta, tong otadi. Xayrli ishlarda bardavom bo‘laylik, chunki bu bizning butun borliqdagi yagona ajralib turguvchi fazilatimizdir.

Mavzuga oid