Sport | 16:53 / 06.03.2018
17757
3 daqiqa o‘qiladi

«Iltimos, o‘sha la'natlangan xonangdan chiqib kel!» «Fiorentina» futbolchisi vafot etgan Astoriga o‘ta ta'sirli xat yozdi

Foto: Getty Images

«Fiorentina» klubi yarimhimoyachisi Rikkardo Saponara o‘zining «Instagram»dagi shaxsiy sahifasida 4 mart kuni vafot etgan jamoadoshi Davide Astoriga maktub yozib qoldirdi.

«Sardor, mening sardorim! Nega biz bilan birga nonushta qilishga kelmading? Nima uchun butsalaringni [darvozabon] Markoning xonasidan olib ketishga kelmading? Nima uchun odatdagidek o‘zing sevgan apelsin sokini ichish uchun kelmading?

Bizga boshqalar «Hayot davom etadi» deyishmoqda. Biz o‘zimizni qo‘lga olishimiz va olg‘a borishimiz kerakligini aytishmoqda. Lekin qanday qilib sensiz bu ishni bajara olamiz?

Endi kim erta tongda nonushta payti oshxonaga o‘zining tabassumi bilan kirib kelib, bizga iliqlik ulashadi? Endi kim bizdan tunda nima ish qilganimizni so‘rab, bizni kuldiradi? Kim xato qilgan yosh futbolchini koyib, ularning mahoratli bo‘lishi uchun jon kuydiradi? Endi kim aylana bo‘lib ikki tepar o‘yini o‘ynashni tashkil etadi-yu, kim unda Markoning jig‘iga tegadi? Biz MasterChefning shousidagi epizodlarni, Florentsiyadagi restoranlarni, seriallarni va o‘zimiz o‘ynagan o‘yinlarni kim bilan muhokama qilamiz? Men qiyin o‘tgan mashg‘ulotlardan charchaganimda kimga suyanib turaman endi?

Iltimos, qanday qilib bo‘lsada, qayt! Axir biz birgalikda «La La Land» filmini ko‘rishimiz va uni muhokama qilishimiz kerak. Iltimos, Florentsiyaga qayt, ular sen bilan shartnomani uzaytirish uchun ofisda kutishmoqda. Ular sendagi bor mehribonchiligu, bizga har kuni ko‘rsatgan ijobiy xislatlaringni sog‘inishmoqda. Iltimos, o‘sha la'natlangan xonadan chiqib kel. Ertaga hammamiz mashg‘ulotga qaytamiz va seni hammamiz kutamiz.

Hayotda siz bilan ko‘rishgan-u, lekin siz bilan hech qachon muloqot qilmaganlar bo‘ladi. Va shu bilan birga shunday odamlar bo‘ladi-ki, siz bilan hech qachon ko‘rishmagan lekin, ilk ko‘rishdayoq «Florentsiyaga xush kelibsan , Riki» deb kutib oladi. U shunday edi.

Qayerda bo‘lsang ham, bizning darvozalarni himoya qilishda va bizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishda davom et!

Sardor, mening sardorim! Alvido, sardor!», deb yozgan Saponara.

 

A post shared by Riccardo Saponara (@rickinara) on

Eslatib o‘tamiz, Astori 4 mart tongi arafasida «Udineze»ga qarshi uchrashuv oldidan Udinedagi mehmonxonalarning birida o‘lik holida topilgandi. Uning o‘limiga uyqu vaqtida yurak urishining to‘xtab qolishi tashxisi qo‘yilgan.

Mavzuga oid