Jamiyat | 21:55 / 09.03.2018
70575
3 daqiqa o‘qiladi

Ro‘mol va hijob bilan bog‘liq muammolar tegishli qonun yoki nizom darajasida o‘z yechimini topishiga umid bildirildi

Foto: Azon.uz

9 mart kuni Yoshlar Press-klubida diniy qo‘mita vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ro‘mol va hijob masalasi ko‘tarildi. Ko‘p sonli yurtdoshlarimizning mavzuga oid savollariga javoban ro‘mol va hijob bilan bog‘liq muammolar tegishli qonun yoki nizom darajasida o‘z yechimini topishiga umid bildirildi. 

"Ro‘mol masalasining ko‘tarilishi tabiiy holat, biz buni to‘g‘ri jarayon, deb qabul qilamiz. Bugungi kunda yurtboshimiz tashabbusi bilan muammolarning tubiga yetib, ularni bartaraf etishga doir qator islohotlar o‘tkazilmoqda va ular qonun yo nizomlar darajasida o‘z yechimini topmoqda. Demak, bu masala ham sekin-asta qonun yo nizom darajada o‘z yechimini topadi degan umiddamiz", - dedi mutaxassislardan biri. 

Yana bir mutaxassis buni siyosiy tazyiq deb targ‘ib qilish noto‘g‘ri ekanini ta'kidladi. "Hozir muammo ko‘tarildi, jarayon kechyapti va o‘z-o‘zidan diniy idoraga ham shunga doir murojaatlar tushadi. Bu masalani siyosiylashtirish noto‘g‘ri tashviqot bo‘lib qoladi", - dedi u. 

"Ko‘rib turibmiz, ko‘cha-ko‘yda hijobli opa-singillarimiz yurishibdi, bu albatta yaxshilik alomati. Lekin shuncha odam shu masalani ko‘targan ekan, demak qayerdadir bu muammo bor, - deydi uchinchi mutaxassis. - "Qonunda tahdid yo‘qligiga qaramay, shu narsa bor" deyilyapti savolning o‘zida. Demak, qonunda taqiq yo‘q. Barcha viloyatlarimizda opa-singillarimiz ro‘mol o‘rab yurishibdi, hech kim hech narsa demayapti. Hijob masalasida ham taqiq yo‘q, agar qayerdadir bu bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, bugungi ko‘rsatuvning o‘ziyoq uni hal qilishga turtki beradi".

Bundan tashqari, ular hijob so‘zining o‘zini to‘g‘ri talqin qilish kerakligi, hijobda yuz va qo‘l sohalari ochiq bo‘lishi lozimligini qayd etishdi. Qora liboslarga salbiy munosabat bildirildi. Bunday kiyimlar Saudiya Arabistonidan kirib kelgani, uning o‘rniga o‘zimizning milliy kiyimlarni kiyish mumkinligi aytildi. 

Mavzuga oid