O‘zbekiston | 21:55 / 13.03.2018
11591
5 daqiqa o‘qiladi

Innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun davlat grantlari ajratish borasida tanlov e'lon qilindi

Foto: Fotolia

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi “Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosini ta'minlashda NNTlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida davlat grantlari ajratish uchun tanlov e'lon qilishini ma'lum qildi.

Tanlovga nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining quyidagi maqsadlarni nazarda tutgan ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha buyurtmanomalari qabul qilinadi:

1. Ayollar va yoshlar, nogiron hamda keksalarning dolzarb muammolarini hal qilishga qaratilgan qo‘shma ish rejalari va dasturlarini amalga oshirish.

2. Chekka, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan qishloq hududlarda yangi ish o‘rinlari, ijtimoiy va maishiy infratuzilma yaratish, aholining turmush darajasini yaxshilashga ko‘maklashish.       

3. Aholiga sifatli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish, bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishni tashkil etishga qulay shart-sharoit yaratish, davlat organlari bilan hamkorlikda mahallalar obodligini ta'minlashga ko‘maklashish.

4. Onalik va bolalikni muhofaza qilish, oila institutini mustahkamlash, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga ko‘maklashuvchi kompleks tadbirlarni ro‘yobga chiqarish.

5. Oilada ma'naviy-axloqiy munosabatlarni mustahkamlash, erta va shar'iy nikohlar, nogiron bolalar dunyoga kelishi oldini olishga ko‘maklashish.

6. Davlat organlari va biznes sub'yektlari bilan hamkorlikda mahallalarda yoshlar, ayollar va yosh oilalarning bandligini ta'minlash, ayollar, yoshlarni tadbirkorlik va oilaviy biznesga keng jalb qilish.

7. Kafolatlangan tibbiy xizmat ko‘rsatish ustidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlari va innovatsion usullarini joriy etish.

8. Oilada sog‘lom muhitni yuksaltirish, ajdodlarimizning ma'naviy-axloqiy merosini targ‘ib qilish, qaynona va kelin munosabatlarini mustahkamlashga ko‘mak ko‘rsatish.

9. Aholining ehtiyojmand qatlamlari, eng avvalo yoshlar, ayollar va nogironlar bandligini ta'minlash maqsadida ijtimoiy korxonalarni shakllantirish, ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar, xizmatlar va ishlar bajarilishini yo‘lga quyish.

10. Uyushmagan yoshlarni, nogiron ayollar va qizlarni, jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan, muqim turar joyga ega bo‘lmagan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy integartsiyasi va reabilitatsiyasiga qaratilgan dasturlarni davlat organlari bilan hamkorlikda amalga oshirish.

11. “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturi ijrosining aniq natijalari, islohotlar jarayonlarini xorijiy OAVlarida keng yoritish.

Davlat granti ajratilishi uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:

1. Tashkilot rahbari tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati.

2. www.fundngo.uz veb-saytida joylashtirilgan shaklda to‘ldirilgan davlat granti loyihasi uchun ariza.

3. Oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ustavi (nizomi) nusxasi.

4. Tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

5. Agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi. 

6. Manfaatdor davlat va jamoat tashkilotlarining iltimosnomalari, tavsiya xatlari ilova qilinishi mumkin.

Bitta loyiha uchun ajratiladigan grant miqdori – 30 million so‘mgacha.

Hujjatlar 2018 yil 15 martdan  20 aprelgacha qabul qilinadi.

Hujjatlarni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNTlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi” nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali yuboriladigan muhrlangan konvertlarda (A4 formatda) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100163, Toshkent shahri, Islom Karimov ko‘chasi, 43-uy.

Hujjatlarni taqdim etish shartlari va namunalari bilan Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining www.fundngo.uz rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.

Ma'lumot uchun telefonlar: (0-371) 239-26-76, 239-26-86.

Mavzuga oid