Jahon | 20:20 / 13.03.2018
17381
3 daqiqa o‘qiladi

Sobiq qamoqxona noziri. MRB tarixidagi ilk ayol rahbar haqida nimalar ma'lum?

«Jina Hespel MRBning yangi direktori, u bu lavozimdagi ilk ayol. Barchani tabriklayman!» — deya ma'lum qildi bugun AQSh prezidenti Donald Tramp.

Foto: Jina Hespel / The OSS Society/youtube.com

Hespel xonim o‘zining butun faoliyatini maxfiy xizmatga bag‘ishlagan. Bu soha odamlariga xos tarzda uning biografiyasiga oid ma'lumotlar cheklangan, hatto uning suratini internetdan topish muammo. Quyida uning Markaziy razvedka boshqarmasidagi faoliyatiga oid mavjud ma'lumotlar keltiriladi.

Tailanddagi maxfiya qamoqxona

Hespel MRB tizimida 1985 yildan buyon xizmat qilib keladi. 2002 yilda Hespel xonim Tailanddagi «Mushukning ko‘zlari» nomli maxfiy qamoqxonaga rahbar bo‘lgan. U yerda «Al-Qoida» terrorchi tashkiloti a'zolari saqlangan.

Bu qamoqxonadagi mahkumlardan biri Abu Zubayda o‘ziga nisbatan qo‘llangan qiynoqlardan keyin uyqusiz bo‘lib qolgani haqida ma'lumotlar bor (uni suvga bo‘kib qiynashgan). 2005 yili Hespel Tailanddagi qamoqxonada qiynoq qo‘llab o‘tkazilgan tergov videolarini shoshilinch ravishda yo‘q qilgani haqida xabarlar tarqalib ketadi.

Mansab pillapoyalari bo‘ylab yuqorilash

Tailanddagi voqeadan keyin Hespel bir necha marta ishini o‘zgartirdi. U ko‘p vaqt davomida Markaziy razvedka boshqarmasining aksilterroristik markazida (CIA Counterterrorism Center) boshliq bo‘ladi. 2013 yilda u Milliy xavfsizlik xizmatiga (National Clandestine Service — NCS) rahbar etib tayinlanadi, ammo o‘tmishidagi qora dog‘ tufayli tezda tanqidlarga uchrab, lavozimdan ketadi.

2017 yil fevralida Tramp Hespelni Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Maykl Pompeoga o‘rinbosar etib tayinlaydi, bu qaror AQSh Demokratik partiyasi vakillarining keskin noroziligiga uchraydi. Ular Hespelning tanlanishini AQShning yangi rahbariyati xorij davlatlari hududlaridagi maxfiy qamoqxonalar qayta ochilishidan darak ekani haqida bong ura boshlashdi (AQSh 2009 yilda bunday qamoqxonalarni butunlay yopgandi).

Endi esa, oradan bir yil o‘tib Hespel MRB tarixidagi ilk ayol direktorga aylandi.

Medallar va e'tiroflar

Hespel kamida to‘rtta medal olgan. Ular orasida Prezidentning oliy rutbali mukofoti (Presidential Rank Award) — AQShda fuqarolik xizmatidagilarga beriladigan oliymaqom mukofot.

AQSh Davlat departamenti rahbarligida Reks Tillersonning o‘rniga tayinlangan Maykl Pompeo Jina Hespel — «MRBda 30 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan razvedka zobiti va sodiq vatanparvar» ekanini e'tirof etdi.

Hespel esa prezident Donald Trampga muhim vazifa rahbarligida bildirgan ishonchi uchun minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid