Jahon | 14:28 / 16.03.2018
4751
1 daqiqa o‘qiladi

Liviya qirg‘oqlarida 121 nafar migrant qutqarildi

Foto: Anadolu

Liviya Milliy muvofiqlashuv hukumatining harbiy-dengiz kuchlari Tunis bilan chegaradagi Abu Kemmash tumani qirg‘oqlarida 121 nafar noqonuniy migrantni qutqardi. "Anadolu" agentligi shu haqida ma'lum qildi.

Mamlakat harbiy-dengiz kuchlarining xabar berishicha, migrantlar joylashgan kema motori Abu Kemmash qirg‘oqlaridan 16 mil narida ishdan chiqqan. Qochqinlar orasida 24 nafar ayol va bola bo‘lgan.

Migrantlar Tripolidagi harbiy-dengiz bazasiga yetkazildi. Ular o‘sha yerning o‘zida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi, gumanitar yordam bilan ta'minlandi. Shundan so‘ng ular noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash idorasi xodimlariga topshirildi.

Qutqarilgan migrantlar Afrikaning turli mamlakatlari fuqarolari hisoblanadi.

Kuni kecha Liviya g‘arbiy qirg‘oqlarida 119 nafar migrant qutqarib qolingan edi.

Mavzuga oid