O‘zbekiston | 18:30 / 19.03.2018
73576
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyati hokimi Diana Yenekeyeva voqeasiga munosabat bildirdi

Samarqand viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev viloyatning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Diana Yenekeyevaning o‘limi bilan yakunlangan voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.

Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan munosabat nomasida viloyat rahbari shunday deydi:

«Samarqand viloyat hokimligi va shaxsan o‘z nomimdan Kattaqo‘rg‘on tumanida yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘lgan Diana Yenekeyevaning fojiali o‘limi tufayli chuqur hamdardlik izhor etishga ijozat bergaysizlar. Har bir inson hayoti biz uchun o‘ta muhim va sodir bo‘lgan voqea yo‘llarda xavfsizlikni kuchaytirish zaruriyatini bildiradi. Vafot etgan ayolning oila a'zolariga ma'naviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta'minlanishiga so‘z beraman.

Baxtsiz hodisaning Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi bilan bog‘lab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi. Shu munosabat bilan, jamiki ommaviy media vakillarini ushbu holatni yoritishda xolisonalikka rioya qilishga, bir tomonlama yondashuvdan qochishga chaqiramiz.

Ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmagan va bundan keyin ham jalb qilinmasligiga viloyat rahbari sifatida so‘z beraman», — deya o‘z nomasini yakunlagan Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev.

Mavzuga oid