Jamiyat | 21:10 / 22.03.2018
50126
4 daqiqa o‘qiladi

Erkin Vohidovning uy-muzeyi bilan bog‘liq muammo: Rustam aka nima qilsin endi?

Inson qalbining tarjimoni, adabiyotning fidoyisi, xalq xizmatchisi, oila qo‘rg‘oni, ishqning shaydosi. Erkin Vohidovni yana ko‘p bora e'tirof etsak bo‘ladi. Xalq dardining kuychisi bo‘lgan shoir tom ma'noda millatparvar edi. Uzoq yillar taqdirning mashaqqatlariga dosh bergan Erkin Vohidov umr bo‘yi o‘zbek elining tashvishi bilan yashadi. 

1936 yilning 28 dekabrda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida, o‘qituvchi oilasida tug‘ilgan shoir 2016 yil 30 may kuni yorug‘ olamni tark etdi. Shu yili 7 dekabr sanasida chiqarilgan Prezident qarori bilan Erkin Vohidovning 80 yoshlik yubileyi mamlakatimizda keng nishonlandi.

Yubiley tadbirlari doirasida, jumladan, shoir tavallud topgan Oltiariq tumanidagi xonadonda uy-muzeyi tashkil etildi.

Erkin Vohidov tavallud topgan Oltiariq tumanidagi xonadon
Erkin Vohidov tavallud topgan Oltiariq tumanidagi xonadon

Ijodiy jamoamiz Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tug‘ilib o‘sgan xonadonda bo‘ldi. Tashkil etilgan uy-muzeyida istiqomat qilayotgan shoirning amakivachchasi Rustam Vohidov bilan suhbatlashdik.

Suhbatimiz iliq va samimiy o‘tdi. Ko‘nglimiz taskin topdi. Biroq o‘zbek adabiyoti darg‘asi Erkin Vohidovning uy-muzeyi bilan bog‘liq bir chigal muammo borligini, Farg‘ona viloyat hokimligining mutasaddilari mazkur muammoga hamon sansalorlik bilan yechim topmayotgani dilni xira qildi.

Jumladan, Rustam Vohidov istiqomat qilib kelgan xonadonning uchta xonasi atoqli shoirning uy-muzeyi uchun ajratilgan bo‘lib, Rustam aka, u kishining umr yo‘ldoshi, katta o‘g‘li xotini va to‘rt farzandi bilan, shuningdek Rustam akaning hali uylanmagan kenja o‘g‘li muzeydan ortgan uchta kichik xonalarda istiqomat qilishmoqda ekan.

Erkin Vohidov amakivachchasi Rustam Vohidov

Rustam aka viloyat mutasaddilari, jumladan, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevdan shaxsan kam ta'minlangan oilalar uchun ajratiladigan ko‘p qavatli uylardan ikki xonaligini ajratishni so‘ragan va barcha to‘lovlarni amalga oshirishga rozi ekanligini bildirgan.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, Rustam akani qiynab kelayotgan muammo shu kungacha hal bo‘lmay kelayotir. To‘g‘ri, davlat uyni ta'mirlab bergan, biroq muzey uchun ajratilgan xonalarda yashab bo‘lmaydiku?! Boz ustiga, hamon muzeyga keluvchi ziyoratchilar bor.

Aziz va hurmatli Farg‘ona viloyati hokimligi. O‘tganlarning ruhi tinch bo‘lishi uchun, o‘zbek adabiyoti va xalqi uchun xizmat qilgan ulug‘ bir shoir hurmatidan, Erkin Vohidov shaxsiga Prezident va hukumatimiz ko‘rsatayotgan e'tiborni inobatga olib, ushbu muammo ijobiy yechim topishida kamarbasta bo‘lasiz, degan umiddamiz.

Xurshid Daliyev, Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbirlari.

Mavzuga oid