Jamiyat | 19:20 / 23.03.2018
31591
3 daqiqa o‘qiladi

Oila va nikoh munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha amaliy qo‘llanma chop etildi

Oila – hayot abadiyligi va avlodlar davomiyligini ta'minlovchi qadriyatlar beshigi, kelajak nasllar uchun betakror tarbiya qo‘rg‘onidir. Shu bois, oila xalqimizda qadim zamonlardan muqaddas sanalib kelingan va shunday bo‘lib qoladi. Zero, xalqning, millatning kelajagi aynan oila bilan chambarchas bog‘liq. Chunki har bir inson oilada tug‘iladi va voyaga yetadi. Har bir bolaning kelajakda kim va qanday inson bo‘lib kamol topishida oila muhim o‘rin tutadi.

Demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyatida oila o‘ziga xos ijtimoiy birlashmani tashkil etadi. Oilaning bu xususiyati uning jamiyat manfaatlari bilan bog‘liqligi hamda ijtimoiy vazifalarida ifodalanadi.

Shu boisdan ham, mamlakatimizda barcha xayrli ishlar, ezgu amallar, avvalo, oilalarning farovonligini, totuvligini mustahkamlash, har tomonlama, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish hamda ularning yorug‘ kelajagini ta'minlash maqsadida amalga oshirib kelinmoqda. Zero, oilada shakllangan sog‘lom muhit farovon turmush, osuda hayot tarzimizning mustahkam poydevoridir.

Oliy sud tomonidan oilaviy nizolarning oldini olish hamda aholining oilaviy masalalardagi huquqiy bilimlarini oshirish, shuningdek bu borada yagona sud amaliyotini joriy etish maqsadida tayyorlanib, chop etilgan «Oila va nikoh munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha sud amaliyoti» amaliy qo‘llanmasida nikoh tushunchasi va shakli, nikoh tuzish tartibi va shartlari, bolalarning nasl-nasabi masalasi, ota-ona hamda voyaga yetmaganlarning shaxsiy nomulkiy huquq va majburiyatlari, oila a'zolarining va boshqa shaxslarning aliment majburiyatlari, oila qonunchiligida javobgarlik, er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlari, nikoh shartnomasi, nikohning tugatilishi, farzandlikka olish masalalari batafsil va sodda tilda, hayotiy misollar orqali tushuntirilgan. 

Kitob xalq qabulxonalari, mahalla kengashlari va xotin-qizlar qo‘mitalariga bepul tarqatildi. Kitobning elektron shakli bilan Oliy sudning rasmiy veb-saytida tanishish mumkin.   

Mavzuga oid