Jamiyat | 12:43 / 26.03.2018
20396
3 daqiqa o‘qiladi

Jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan ilk bemor uyiga qaytdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Mamlakat tibbiyoti tarixida ilk bor jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazilgan bemor parkentlik 26 yoshli Ubaydulla Dadaxo‘jayev bugun shifo topib uyiga qaytdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Mutaxassislar ta'kidlashicha, jigarning terminal bosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, rezeksiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu a'zo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveytsariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun O‘zbekiston ham ushbu mamlakatlar qatoridan joy olgani quvonarlidir. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

— Transplantologiya amaliyotini bajarishga tibbiyot muassasamizda katta tayyorgarlik ko‘rildi, — deydi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining portal gipertenziya va pankreatoduodenal soha xirurgiyasi bo‘limi bosh ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari doktori, professor Andrey Devyatov. — Markazimizning texnik imkoniyatlari yaxshilandi, mutaxassislarimiz AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveytsariya va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda malaka oshirib qaytdi. Bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo‘jayev donorlik qildi. Va nihoyat 15 soat davom etgan operatsiyani muvaffaqiyatli yakunlashga erishdik. Hozir bemorning ham donorning ham ahvoli yaxshi. Bemor tavsiyalarimizga to‘la amal qilsa, u tezda butunlay sog‘ayib ketadi.

Ha, davlat tomonidan tibbiyot rivojiga qaratilayotgan jiddiy e'tibor va shifokorlarning sa'y-harakatlari bilan 26 yoshli bir navqiron yigit jigar sirrozi deb atalmish og‘ir xastalikdan butkul xalos bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytdi. Bu nafaqat bemorga, uning yaqinlariga ham ulkan quvonch baxsh etdi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

— Ukamni ayni navqiron yoshida dard tobora yemirib borayotganidan qattiq iztirob chekardik, — deydi Ubaydullaning akasi Hayot Dadaxo‘jayev. — Oxirgi paytlarda uning dardi yanada og‘irlashdi. Ukamga yordam berish chorasini izlardik. Biroq jigar transplantatsiyasi uchun xorijga chiqishga to‘g‘ri kelishi, buning uchun katta mablag‘ talab etilishi oilamizni qiyin ahvolga solib qo‘ygandi. Mamlakatimiz tibbiyotiga bunday yangilikning kirib kelishi ukamni hayotga qaytardi, desam xato bo‘lmaydi. Mana, bugun u darddan forig‘ bo‘lib, yangi hayotga qadam qo‘ydi. Ishonamanki, tibbiyotimizning bu yutug‘i yana ko‘plab bemorlarga sog‘lom hayot baxsh etadi. Qancha-qancha oilalar bu imkoniyatdan bahramand bo‘ladi. 

Mavzuga oid