Jamiyat | 00:30 / 27.03.2018
83541
4 daqiqa o‘qiladi

Bobomurod Abdullayev: «men Usmon Haqnazarman!»​

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish va qonuniy saylangan hukumatni qurolli yo‘l bilan ag‘darishga uringanlikda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullayev 26 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tkazilgan sud majlisida o‘zini «Usmon Haqnazar» ekanini tan oldi. Bu haqda sud majlisida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar berdi.

«2003 yildan buyon Usmon Haqnazar taxallusi ostida seriyali maqolalarni men yozganman. 2005 yilda yuz bergan Andijon voqealaridan so‘ng, turli xorijiy OAV muxbirlik punktlari yopildi. «Ozodlik radiosi»​, Bi-bi-si va «​Amerika ovozi»​ ham chiqib ketdi. Shu orada mustaqil jurnalist sifatida ishlab yurganlar qatori meni ham obdon tekshirishdi.

Turli jamg‘arma va tashkilotlar tomonidan e'lon qilingan grantlarni qabul qilganim uchun tergovlarda ishtirok etdim. Shular uchun kattagina soliqdan qarzdorlikni yopdim. O‘z-o‘zidan o‘rtada tanaffus paydo bo‘lib qoldi, ya'ni Usmon Haqnazar bir muddat ko‘rinmay qoldi»​, deb ko‘rsatma berdi jurnalist Bobomurod Abdullayev.

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, Usmon Haqnazar faol bo‘lmagan paytda ham maqolalar chiqdi. Ayrim ana shu turdagi maqolalarni Bobomurod yozmaganini ta'kidladi.

«Taxallusdan foydalanishdi, biroq buni to‘g‘irlashga harakat qilmadim. Gap shundaki, anonim tarzda yozgan maqolalarimni ko‘pchilik o‘qigan, ammo taxallus ortida kim turganini ko‘p odam bilmasdi», deydi u.

Bobomurodning ta'kidlashicha, jurnalist bo‘lajak maqolalari uchun ma'lumotlarni muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solihdan olgan.

«Men Solihga emas, u menga ishlardi. Muhammad Solih orqali MXX, Prezident huzuridagi Xavfsizlik Kengashi xodimlari yetkazib berayotgan ma'lumotlar menga yuborilardi», deb so‘zlarini qisqa qildi u.

Jurnalist o‘z ko‘rsatmasida «maqolalarni konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish maqsadida yoki xorijiy rahnamolarning moliyaviy ko‘magida yozmagani» haqida so‘zlab berdi.

«U davr eslang: shu maqolalar uchun 10 ming AQSh dollar berishsa ham, hech kim yurak yutib yozolmasdi. Men jamoatchilikni bu voqealardan boxabar qilish uchun maqolalarni yozdim. Axir, men jurnalistman», deydi Bobomurod.

U sudda bergan ko‘rsatmasida xatolarga yo‘l qo‘yganini ham eslab o‘tdi.

«Inoyatovni og‘ir betob, deb adashdim. Ma'lumotni tekshirib ko‘rmay, maqolani e'lon qildim. Ammo, MXX raisi sobiq o‘rinbosari Sh.G‘ulomovning qilmishlari haqidagi so‘zlarim o‘z isbotini topdiku. Yoki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha yozganlarim shunday yakun topdi», deb o‘zini oqlashga urindi u.

Sud majlisi davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 2018 yil 28 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi binosida bo‘lib o‘tishi ma'lum qilindi.

Mavzuga oid