Fan-texnika | 23:59 / 27.03.2018
16936
2 daqiqa o‘qiladi

Bokulik o‘quvchi qiz yomg‘ir suvidan elektr energiya olish qurilmasini ixtiro qildi 

Foto: Novosti-Azerbaydjan

Bokulik 15 yoshli o‘quvchi qiz Rayhon Jamalova Forbes nashri tomonidan chop etilgan “Sanoat, ishlab chiqarish va energiya sohasida yoshi 30 gacha bo‘lgan eng istiqbolli tadbirkorlar va ixtirochilar” reytingiga kiritildi. 

Yosh ixtirochi Ozarboyjonning ushbu reytingga kiritilgan ilk vakili bo‘ldi. Ro‘yxatga hammasi bo‘lib 29 odam kiritilgan.

Rayhon haqida Hindistonda 2017 yil noyabrda o‘tgan Tadbirkorlik bo‘yicha global sammitdan keyin gapira boshlashgan. Ixtirochi qiz ushbu anjumanda o‘zining ixtirosi – yomg‘ir suvidan elektr energiya ishlab chiqarishga imkon beruvchi Rainenergy qurilmasini taqdim qilgan.

Qurilma 4 ta asosiy qismdan iborat: yomg‘ir suvini to‘plovchi kollektor, rezervuar, elektr generator va akkumulyator batareyasi. Kollektor rezervuarni yomg‘ir suvi bilan to‘lg‘azadi, so‘ngra suv katta tezlikda generatordan o‘tib, elektr energiya ishlab chiqaradi. Hosil bo‘lgan energiya akkumulyatorda to‘planadi.

Sammitda Rayhonning ixtirosi musson yomg‘irlari yog‘uvchi ekvatorial polosa aholisi uchun elektr uzatish liniyalariga yuklamani kamaytirgan holda, muqobil energiya manbasi bo‘lishi mumkinligi tan olingan. Hozirda o‘quvchi qiz tomonidan yaratilgan qurilmani sanoat ko‘lamida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoni ko‘rib chiqilmoqda. 

Rayhonning o‘zi esa astrofizik bo‘lishni va Nobel mukofoti olishni istashini aytgan.

Mavzuga oid