Sport | 15:09 / 28.03.2018
16732
12 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Marokash

MAROKASh:
Mustaqilligi: 2 mart 1956 yil
Rasmiy tili: Arab
Poytaxti: Rabat
Boshqaruv tizimi: Konstitutsion monarxiya
Aholisi: 33.9 million (dunyoda 38-o‘rin)
Valyuta: Marokash dirhami

TeRMA JAMOA:

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Laqabi: Atlas sherlari
Konfederatsiya: AFK
Bosh murabbiy: Erve Renar
Jamoa sardori: Mehdi Benatiya
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Nuriddin Naybet (115)
Eng ko‘p gol urgan: Ahmad Faras (42)
Libos rangi: qizil-yashil-qizil
FIFA reytingidagi o‘rni: 42 (15 mart holatiga)
Eng yirik g‘alabasi: Saudiya Arabistoni - 13:1 (1961)
Eng yirik mag‘lubiyati: Vengriya - 0:6 (1964)
Afrika Millatlar kubogi: Chempion (1976)
Jahon chempionati: 1/8 final (1986)

Marokash terma jamoasi ko‘pchilikka asosan Fransiya mundialidagi Mustafo Hoji va uning sheriklarini yodga solsa-da, aslida ularning tarixi ancha erta boshlangan. Marokash Afrika terma jamoalari ichida jahon chempionati final bosqichida qatnashgan ikkinchi jamoa, shuningdek, guruh bosqichidan o‘ta olgan ilk jamoa sifatida tarixda qolgan. 

PeLe, MARADONA, ZIDAN...
Marokashliklarning jahon chempionatlaridagi yorqin yillari aynan mana shu uch daho davriga ham to‘g‘ri keladi. 1962 yildan boshlab saralash o‘yinlarida qatnasha boshlagan Marokash uchinchi urinishda, ya'ni JCh-1970 musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadilar. «Atlas sherlari» guruhda GFR, Peru va Bolgariya bilan birga tushadi va uch o‘yindan faqat bir durang qayd etib, uyga ravona bo‘ladilar. Ammo boshlanishiga bu ham yomon emasdi.

Oradan 16 yil o‘tib, Maradona porlagan Meksika maydonlarida Marokash ham o‘ziga yarasha rekord qayd etdi. Angliya, Polsha, Portugaliya kabi Yevropaning kuchli jamoalari bilan bir guruhdan joy olgan Marokash Afrika terma jamoalari ichida birinchi marta pley-offga chiqa oldi. Ertak yana davom etishi mumkin edi, ammo Lotar Mateusning o‘yin tugashiga uch daqiqa qolganda urgan goli chorak finalga nemislarni olib chiqqandi.

1994 va 1998 yillardagi mundiallarda marokashliklar guruh bosqichidan o‘ta olmagan bo‘lishsa-da, ayniqsa, Fransiya-98 dagi ishtiroki ko‘pchilikning yodida qolgan. O‘shanda Marokash juda yorqin o‘yin ko‘rsatgan va guruhdan chiqishga loyiq bo‘lgandi ham. Esingizda bo‘lsa, taqvimdagi noqulayliklar natijasida so‘nggi turlar Ispaniya va Marokashning ayanchli taqdiriga achingan edik.

Foto: Getty Images

Gap shundaki, so‘nggi turgacha barcha masalani hal qilgan Braziliya terma jamoasi Norvegiyaga qarshi o‘yinda kuchsiz tarkibni tushirgandi. Dastlabki ikki turda raqiblari bilan durang o‘ynagan Norvegiya chempionlarni yengib, ochkolari sonini 5 taga yetkazgan va guruhda ikkinchi o‘rinni egallagandi. Uyoqda Shotlandiya terma jamoasi darvozasiga javobsiz uchta gol yo‘llayotgan Yusuf Shippo va Mustafo Hoji jamoadoshlari esa, ko‘zda yosh bilan turnirni tark etgandilar. Keyinchalik, finalda 0:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan Braziliyani malomat qilib, aynan guruhdagi adolatsizlik tufayli jazo sodir bo‘lganini aytganlar ham bo‘lgandi.

O‘sha oqshomdan yigirma yil o‘tdi va mana, Marokash yana katta maydonlarga qaytmoqda.

YeVROPAGA SOChILGAN MUXLISLAR

Foto: Getty Images

Marokash yana, juda ehtirosli va «faol» muxlislari bilan mashhur. Terma jamoaning mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi Misrning bayramidan kam bo‘lmaganini ta'kidlagan holda, shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan juda ko‘p odamlar Yevropa bo‘ylab sochilib ketgan va ularning bayramlari butun Yevropani larzaga keltirgandi. Ayniqsa, hal qiluvchi o‘yinda Afrika futbolining so‘nggi o‘n yillikdagi bayroqdori Kot-d’Ivuar safarda mag‘lub etilgandi.

Noyabr oqshomida, so‘nggi tur oldidan Marokash 9, Kot-d’Ivuar 8 ochko jamg‘argan, ammo hal qiluvchi o‘yin ikkinchi jamoa maydonida bo‘layotgandi. Marokashni durang qoniqtirar, guruh o‘yinlarida uch o‘yinni 0:0 bilan yakunlagan jamoa uchun, yana bir bor shu hisob uchun o‘ynash eng katta sinov edi. Erve Renar shogirdlari bu vazifani ortig‘i bilan uddaladilar va 2:0 hisobida ustun keldilar.

Uyog‘ini tasavvur qilavering, o‘sha kecha nafaqat Marokash uxlamadi, balki Belgiya, Fransiya kabi mamlakatlarda minglab muxlislar ko‘chalarni to‘ldirdilar. Tabiiyki, bezoriliklar ham bo‘ldi, bir qator magazin oynalari va avtomashinalar jabr ko‘rdi. Rossiyada Marokash eng faol va agressiv muxlislariga ega bo‘lgan terma jamoalardan biri bo‘lishi shubhasiz.

ERVe ReNAR KIM O‘ZI?

Foto: Getty Images

Mustafo Hoji va jamoadoshlari Fransiya maydonlarida javlon urayotgan bir paytda, fransiyalik himoyachi, umrini qo‘yi liga jamoalari safida o‘tkazgan Erve Renar butsasini mixga endigina ilgan va murabbiylik konspektlariga ilk jumlalarni yozishni boshlayotgandi. Renar o‘shanda futbol tamaddunining keyingi qadamlarini his qilish uchun mundialni diqqat bilan kuzatgan va balki Marokash terma jamoasiga ham e'tibor qaratgandir, lekin oradan yigirma yil o‘tib, shu mamlakatga unutilmas g‘alabani taqdim etadigan jamoa tuzishini yetti uxlab tushida ko‘rmagani aniq...

Ikki yil o‘zi o‘ynagan «Draganiyan» jamoasida ishlagan 30 yoshli murabbiyning keyingi faoliyati silliq kechmadi. Xitoydan tortib, Angliyaning qo‘yi ligasidagi «Kembrij»da, Gana terma jamoasi, «Sosho», «Sherbur» va hokazo - bir-biriga tamomila o‘xshamagan bu jamoalardan Renar o‘zini axtargan bo‘lsa ne ajab.

Lekin tan olish kerak, Erve Renar aynan Afrika futbolida porladi, uning 20 yillik murabbiylik faoliyatidagi ikki sovrini Zambiya va Kot-d’Ivuar terma jamoalari bilan bo‘lgan. 2012 va 2015 yillarda u bu terma jamoalarni Afrika chempioniga aylantirgandi. Shundan so‘ng, Fransiyaga qaytib, «Lill» bilan urinib ko‘rgan Renar muvaffaqiyatsizlikka uchradi va 2016 yilda Afrikaga qaytib, endi Marokashni boshqarishga rozilik berdi. Qizig‘i, Zambiya va Kot-d’Ivuarni boshqarish o‘rtasida ham u Fransiyaga borib, «Sosho»da ishlagan va u yerdan ham iste'foga chiqarilgandi. Taqdir ketma-ket murabbiyga uning o‘rni aynan Afrika futbolida ekanini ko‘rsatayotgandek. 

BUGUNGI MAROKASh

Foto: AFP

Marokashning biz biladigan eng mashhur futbolchisi Mehdi Benatiya — himoyachi. Shuningdek, yana bir top klub a'zosi bo‘lgan Ashraf Hakimi — u ham himoyachi. Shuning o‘zi ham, bu jamoani yutish oson emasligini ko‘rsatib turibdi. Erve Renar olti yil oldin Zambiyada ham shunga o‘xshash jamoa tuzgandi. Himoyada bexato harakat qilgan zambiyaliklarning Kot-d’Ivuar bilan finalda durang o‘ynaganliklari va juda uzoq davom etgan penalti seriyasi ham yodingizda bo‘lsa kerak.

Saralash o‘yinlarining hal qiluvchi bosqichida Marokashning to‘plar nisbati 11-0 edi. Ya'ni agar Marokash gol o‘tkazmaslik uchun bel bog‘lasa, raqibga juda qiyin bo‘lishi shubhasiz. Ammo jamoaga o‘ynash imkoni berilsa, raqibini butkul yanchimasdan qo‘ymasligini ta'kidlash kerak. O‘sha yuqorida tilga olingan so‘nggi tur oldidan Marokashda uchta 0:0 hisobidagi duranglar bilan birga, 6:0 va 3:0 hisobidagi g‘alabalar ham bor edi. Albatta, bu natijalar Afrika miqyosida ko‘rsatilgan, jahon chempionatida jamoa bir bosqich oldinga qadam tashlay oladimi, yo‘qmi, ko‘ramiz.

Albatta, oldingi chiziqda ham e'tiborga arzirli nomlar bor — masalan, Yusuf Belhanda yaqin yaqingacha, Yevropaning ko‘zga ko‘ringan yosh futbolchilaridan biri sanalardi. Hakim Ziyosh, Muborak Busuffa, Karim Al Ahmadi kabi yarimhimoyachilarni alohida tanishtirishning hojati bo‘lmasa kerak.

«Malaga», «Uotford», hozirda «Leganes» jamoalari orqali Nordin Amrabatni yaxshi bilamiz. Uning ukasi 21 yoshli Sofyan ham «Feyyenoord»da e'tiborga tushdi va terma jamoaga jalb qilinmoqda. Umuman so‘nggi chaqirilgan tartibda 5 nafar Niderlandiya chempionati va Ispaniya La Ligasi vakili, 4 nafardan Fransiya va Turkiya ligasi qatnashchilari bor. Shu raqamning o‘zi ham Marokashning katta musobaqalar uchun begona emasligidan dalolat qiladi.   

E'TIBOR BeRISh KeRAK: BUTAYB - AL KAABI
Holid Butayb 30 yoshga yaqinlashguncha faqat Fransiya qo‘yi divizionlarida o‘ynab yurgan va terma jamoadan chetda qolgandi. 2016 yilda «Strasbur» klubiga o‘tgan Holid u yerda faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazdi va jamoani Liga 1 ga chiqishda katta yordam berdi. Sal oldinroq terma jamoa safida ham ilk o‘yinini o‘tkazgan Butayb hal qiluvchi saralash o‘yinlarida Marokashning asosiy to‘purariga aylandi. So‘nggi ikki yilda tarkibda o‘ynayotgan hujumchi 14 o‘yinda maydonga tushib, 6 gol muallifiga aylandi.

Foto: Getty Images

Uning o‘rnini bosishi yoki sherik bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujumchi esa, yanvar oyida Marokash mezbonlik qilgan «Afrika Millatlar Chempionati»da kashf qilindi deyish mumkin. Ushbu turnirning o‘ziga xosligi shundaki, terma jamoalar legionerlarsiz harakat qiladilar. Bu o‘yinlarda jamoaga jalb qilingan 24 yoshli Ayyub Al Kaabi 6 o‘yinda 9 gol muallifiga aylandi va mezbonlarning chempionligiga munosib hissa qo‘shdi. Kecha O‘zbekiston terma jamoasi darvozasiga kiritilgan tezkor gol esa, Ayyubning o‘ninchi goli bo‘ldi. Kaabi milliy chempionatda ham juda sermahsul hujumchi sanaladi, u 64 o‘yinda 38 gol urishga ulgurgan.

Foto: FADEL SENNA/Getty Images

Xullas asosiy quroli himoya deb tariflanadigan Marokash terma jamoasida gol ura oladigan nomzodlar yetarli. 

JCh-2018
Marokash jahon chempionatida V guruhidan joy olgan. Aytish mumkinki, raqiblar oson emas va Ispaniya, Portugaliya timsolida yaqqol favoritlarga ega. Marokash va Eron bu ikki Yevropa grandiga qarshilik ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Marokash ilk o‘yinini Eronga qarshi 15 iyun kuni Saranskda, 2-turni esa, Moskvada, 20 iyunda Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. So‘nggi o‘yin 25 iyun kuni Kaliningradda bo‘lib o‘tadi. 

Endi qarang, Marokash agar Eronni yutib, Portugaliya bilan o‘sha o‘zi yoqtirgan 0:0 ni o‘ynab olsa, aynan taqvimdagi qulaylik ularga 20 yil oldingi qarzni qaytarishi mumkin. Ya'ni balki so‘nggi turda Ispaniya masalani hal qilgan holda kuchsizroq tarkibni tushirar? Qizig‘i, o‘sha ko‘p eslanayotgan JCh-98 da aynan ispanlar qismatda marokashliklargi sherik bo‘lgandilar...

Qahramon Aslanov tayyorladi.

Mavzuga oid