Light | 00:10 / 30.03.2018
14493
9 daqiqa o‘qiladi

Stiven Soderberg: "Odamlar 20 million dollarlik filmni ayfonda olish mumkinligini xayoliga ham keltira olmaydi"

Stiven Soderberg — kinosanoatdagi bir vaqtning o‘zida barcha filmlarning yarmini o‘zi oluvchi kam sonli kishilardan  biri. 29 mart  kuni uning yangi "Samoda" nomli innovatsion kartinasi Rossiya prokatiga chiqadi. Ayfon qurilmasiga olingan mazkur film premerasi Berlin kinofestivalida bo‘lib o‘tgan. Biroq uning butun dunyo bo‘ylab premerasidan oldin yana bir filmni suratga olishga ulgurdi - bunisi ham ayfonga olingan kartina.

Bundan tashqari, u parallel ravishda biryo‘la bir necha ssenariy tayyorlamoqda - Panama arxivlari haqidagi kartinalar shular jumlasidandir, u shuningdek "Oushenning 11 do‘sti" remeykiga prodyuserlik qiladi, "Super Mayk" myuzikli ustida ishlamoqda va hatto tasviriy san'at bilan shug‘ullanishga ham vaqt topishning uddasidan chiqmoqda. TASS muxbiri Soderberg bilan Berlinda uchrashib, u bilan kinematograf kelajagi, uning yangi loyihalari va kinoteatrlar taqdiri haqida suhbatlashdi. Quyida ushbu suhbatdan parcha keltiriladi.

— Nima deb o‘ylaysiz, kelgusida hozirgi shakldagi  kinoteatrlar kerak bo‘larmikan?

— O‘ylashimcha, ha. Baribir bu qiziq tajriba deb hisoblayman. Hammasi yaxshi ketsa, odamlar zavq oladi. Men nafaqat filmning o‘zi, balki kinoteatrdagi sharoitlarni ham nazarda tutyapman. Menda ko‘pincha shunday holatlar bo‘ladiki, kinoga borib, uyga qaytayotganimda o‘zimcha o‘ylayman: "Mana nima uchun odamlar tobora ko‘proq filmlarni uyda tomosha qilishni ma'qul ko‘rishmoqda". Ba'zan proyeksiya yomon bo‘lishi, uncha toza bo‘lmasligi, joy kam bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, odamlar ham qo‘pollashib ketmoqda: ular kino ko‘rayotganda telefonlarini o‘chirishmaydi, xuddi o‘z uylarida o‘tirgandek gaplashib o‘tirishadi. Bu - muammo. Uni qanday hal qilish kerakligini bilmayman.

— "Panama hujjatlari" bo‘yicha ishlayotgan filmingizga to‘xtalib o‘tsangiz.

— "Panama hujjatlari" — bu kuzda kirishishni rejalashtirayotgan ishim, bu ancha keng ko‘lamli loyiha. Panama arxivlari bo‘yicha ilk tergovlar yo‘lga qo‘yilganidayoq shu mavzuga qiziqib qolgandim. Bu shaxsan meni eng ko‘p qiziqtiruvchi mavzu. Umuman olganda, biz Skott (ssenariynavis Skott Z.Byorns) bilan doimo aloqadamiz. U menga "Siz ham shunga qiziqib qoldingizmi?", dedi.

Bu hikoyani o‘quvchi kishilarning aksariyati nima uchun bu ular uchun dolzarb bo‘lishi kerakligini tushunmaydi. Ular badavlat kishilar emas. Ularning neft kompaniyalari yo‘q. Ular uchun bu hikoya tarixi shunday: ko‘plab badavlat korporatsiyalar soliq to‘lamaslik uchun shu ish bilan shug‘ullanadi. Ular bu hikoya qanchalik har bir inson hayotiga bog‘liq ekanini ko‘rishmaydi. Shuning uchun Skottga aytdim: "Skott, shunday qilginki, bu hikoyada birorta jurnalist bo‘lmasin. Sening vazifang — odamlarni shu filmni ko‘rish uchun kinoteatrlarga borishga undash". O‘shanda men u voqealarni mening kundalik hayotimda ro‘y berayotgan voqealarga qanday bog‘lash mumkinligi haqida tasavvurga ham ega emasdim.

U ajoyib g‘oya o‘ylab topdi. Birinchi navbatda biz filmni bir necha novellaga bo‘ldik. Ularning ba'zilari haqida film jarayonida "Qanday qilib bu syujyet liniyalari bir joyda kesishishi mumkin?", deb o‘ylab qolasiz. Shunday bo‘lsa-da, ular kesishadi. O‘shanda tushunib yetasiz: darhaqiqat, atrofimizda qanchadan qancha odamlar, kompaniyalar va vaziyatlarning barchasi ssenariyda Panama qog‘ozlarida tasvirlangan neft kompaniyalari orqali bog‘langan.

Stsenariy tayyor bo‘lganida juda xursand bo‘ldim. Kinoda butun dunyo bo‘ylab ro‘y beradigan voqealar, ko‘plab hikoyalar, bir paydo bo‘lib, bir ko‘rinmay qoluvchi turli personajlar aks etadi. Bu juda aqlli o‘ylangan ssenariy.

— Nimasi bilandir sizning "Traffik"ingizga o‘xshab ketar ekan.

— Ha. Bunday film o‘z auditoriyasini topsa, juda zo‘r bo‘lardi. Hozircha esa bunga ishonchim komil emas. Bu ochiq masala, biz bu filmga eng munosib sarmoyachilarni topishga harakat qilyapmiz, chunki bu arzon loyiha emas. Juda qimmat ham deb bo‘lmaydi, lekin arzon ham emas. Film katta yoshli kishilarga mo‘ljallangan, bu haqiqiy chaqiriq. Bu tomoshabin uchun oddiy tajriba bo‘lmaydi. Shunga o‘xshash qanchadan-qancha filmlar prokatda 100 million dollar topdi? Sarmoyalarni qaytarish uchun shuncha pul ishlab topishim kerak bo‘ladi.

Foto: filmpro.ru

— "Oushen do‘stlari" filmingizning remeyki "Oushenning 8 dugonasi"ni yaratishda sizning ishtirokingiz qay darajada bo‘ldi? Bu shunchaki titrlardagi bir satrmi yoki kattaroq ahamiyatga egami?

— Rejisser Geri Ross va men bu haqida ko‘p gaplashganmiz. Yo‘q, bu shunchaki titrlardagi bir satr emas, biz uning ustida ko‘p ishlayapmiz. Filmning chiqish vaqtiga borib to‘rt yil o‘tgan bo‘ladi.

Men o‘zimni titrlarda kamdan-kam holatlarda shunchaki prodyuser deb atayman, ko‘pincha ijrochi prodyuser deb yozdiraman, chunki men mas'uliyatni juda jiddiy qabul qilaman. Ayni holatda titrlardagi bu satrga peshona terim bilan erishganman. Men haqiqatda Geri kartinani ishlagunga qadar uning iltimosiga binoan doim yonida bo‘ldim. U mening oldimga kelib, "Bu g‘oya haqida nima deb o‘ylaysan?" deb aytgan. Men "Fikrimcha, bu juda ajoyib" deganman. Shunda u mendan bu filmga prodyuserlik qilishga rozi yoki yo‘q ekanimni so‘radi. Men unga "Albatta" deb javob berdim.

— "Super Mayk" tarixi qanday ko‘rinishda davom ettiriladi?

— Fikrimcha, "Super Mayk XXL" kartinasi Chenning bu rolini juda yaxshi uddalayotganini ko‘rsatdi va bu unga katta mashhurlik olib keldi. Biz filmlar motivi bo‘yicha Brodvey myuzikli ustida ishlayapmiz va ayni damda loyiha bir shaklga kirmoqda. Shunday ekan, bu ikki turli shakldagi koinotning tabiiy rivojlanishidir. O‘ylashimcha, biz barcha liniyalarni o‘zimiz o‘ylagandek yakunladik.

Foto: filmpro.ru

— Tushunishimcha, siz hozircha boshqa katta qimmat kartinalarni suratga olmoqchi emassiz, siz ko‘proq ayfonga olingan filmlar bilan bandsiz. Yoki bu muayyan bir loyihaga bog‘liqmi?

— O‘ylaymanki, bu yil men istagandek film olish imkonini beruvchi bir necha texnologik yutuqlar ro‘y beradi. Hozir ba'zi odamlar 20 million dollarlik filmni 700 dollarlik telefonga olish mumkinligini xayoliga ham sig‘dira olmaydi. Ba'zilar uchun bu haqiqiy muammo. Biroq men uchun emas. Bu yil yangi kameralar namoyish etiladi, deb o‘ylayman. Masalan, kameralari telefon o‘lchami bilan bir xilda, lekin sensori telefondan kattaroq - mana bozorga qanday smartfonlar  chiqadi va bu juda qiziq bo‘ladi, chunki shundagina eng yaxshisini ham telefonlardan, ham professional kameralardan olish mumkin bo‘ladi, ya'ni kamerani istagan joyingizga qo‘yib, katta kino olish imkoniga ega bo‘lasiz.

Mavzuga oid