Fan-texnika | 17:17 / 30.03.2018
17634
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mobil raqam uchun to‘lov hozircha bekor qilinmaydi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lovni hozircha bekor qilmaydi. Bu haqda Uzdaily yozmoqda.

Moliya vaziri o‘rinbosari Vyacheslav Pakning ta'kidlashicha, hukumat hozircha abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lovni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqmayapti.

«Bu alohida to‘lov turi bo‘lib, u davlat mablag‘lariga maqsadli to‘lovlar uchun qo‘llanilmaydi. Aytaylik, bu ma'lum bir bilvosita soliq, bevosita soliq shaklidir va ushbu amaliyot dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavjud», - dedi u. 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori o‘rinbosari Go‘zal Islomova ushbu to‘lov umummilliy soliq va majburiy to‘lov emasligini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, konsepsiya alohida soliqlardan ko‘ra, ko‘proq umumiy soliqlarni bekor qilishni nazarda tutadi. Ushbu masalalar soliq kodeksini muhokama qilish jarayonida ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan abonent raqamlaridan foydalanganlik uchun haq to‘lash 2012 yilda joriy etilgan. Bugungi kunda abonent to‘lovi miqdori 4 ming so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid