O‘zbekiston | 22:30 / 30.03.2018
21239
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik nazoratini kimlar amalga oshirishi mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIV yalpi majlisida senatorlar «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini yoqlab ovoz berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi.

Unga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning o‘z o‘zini boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi sub'yektlari etib belgilandi.

Senatda ma'qullangan, 21ta moddadan iborat qonunda yozilishicha, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamoatchilik nazoratining obekti hisoblanadi.

Jamoatchilik nazoratining shakllari quyidagilardan iborat bo‘lishi nazarda tutilmoqda:

- davlat organlariga murojaatlar va so‘rovlar;

- davlat organlarining ochiq hay'at majlislarida ishtirok etish;

- jamoatchilik muhokamasi;

- jamoatchilik eshituvi;

- jamoatchilik monitoringi;

- jamoatchilik ekspertizasi;

- jamoatchilik fikrini o‘rganish;

- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat organlari mansabdor shaxslarning hisobotlari va axborotini eshitish.

Mazkur qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetidan qo‘shimcha pul mablag‘lari ajratilishini talab qilmaydi.

Mavzuga oid