O‘zbekiston | 14:30 / 03.04.2018
114904
5 daqiqa o‘qiladi

Qonun himoyachilari uchun yashil rang mos emas

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlarda ichki ishlar xodimlarining yangi formalari xaqida turli ma'lumotlar paydo bo‘lmoqda, ko‘plar o‘z fikrlarini bildirmoqda. Sababi joriy yilning iyul oyigacha ichki ishlar xodimlarining yangi formalari to‘g‘risida tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqarilishi lozim. Shunga qaramasdan, xanuzgacha yangi forma haqida aniq bir rasmiy ma'lumot yo‘q. Ichki ishlar xodimlarning formasi - bu ularning, qolaversa, xalqning yuzi va obro‘sidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu masalaga o‘z fikrimizni bildirishga qaror qildik.

Qisqacha tarixga to‘xtalsak. Birinchi politsiya formasi 1828 yilda London shahri politsiyasi uchun tikilgan edi. Shundan so‘ng, politsiya formasi asta-sekinlik bilan Yevropaga, so‘ngra jahon bo‘ylab tarqadi.

Masala va muammo rangdan boshlanadi. Ko‘pchilikka ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar xodimlari to‘q-yashil rangdagi forma kiyishadi. Har bir sohada o‘rganish va izlanish bo‘lgandek, mutaxassislar rang psixologiyasini ham o‘rganishadi. Yashil rang o‘sish, balans, tinchlik, osoyishtalik, atrof-muhit va o‘simlik dunyosini anglatadi. «Psychology Today» jurnali ma'lumotiga ko‘ra, yashil rang bu atrof-muhit va ekologiya timsolidir.

Shunday ekan, ko‘plab mutaxassislar fikricha, yashil rang qonun himoyachilariga uncha to‘g‘ri kelmaydi. Ichki ishlar tizimida yashil formadan nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham foydalanishadi. Masalan, ko‘rib turganingizdek Vetnamda jamoat xavfsizligi kuchlari (politsiya) yashil formada.

Yashil rangdan Xitoyning qurollangan politsiyasi ham foydalanadi.

Yaqin o‘tmishda Buyuk Britaniyada olimlari aholi orasida 25 turdagi turli formalarni o‘rganishdi. Shunda aholining aksariyat qismi politsiya formasini xavfsizlik va hamkorlik timsoli deb baholadi.

Rang masalasida odamlarning fikri turlicha. Shunga qaramasdan, aksariyat kishilar politsiyani qora va ko‘k rangli kiyimlarda tasavvur qilishadi. Mutaxassislar fikricha, qora rang kuch-quvvat, ko‘k rang xavfsizlik timsolidir. Shuning uchun ham aksariyat davlatlarda politsiyachilar qora va ko‘k rangdagi formalarni kiyishadi.

Ba'zi psixologlarning fikricha, qora va shu kabi to‘q ranglar jamiyatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, chunki ular yomonlik va noxushlikni anglatadi. Keyinchalik, statistik ma'lumotlar shuni ko‘rsatdiki, yashil, qizil yoki och rang kiygan politsiyachilar qora forma kiygan politsiyachilardan hech ham farq qilmaydi. Och ranglar yaxshilik timsoli bo‘lsada, ba'zi davlatlarda jinoyat va korrupsiya ko‘rsatkichlari yuqori darajada saqlanmoqda. Buning ustiga, «Frontiers in Psychology» jurnalida ta'kidlanishicha, qora va ko‘k rang ko‘plab politsiya xodimlarida o‘zlariga bo‘lgan ishonch va mas'uliyatni yanada orttiradi. 

Mana bu misolda 2014 yilda Rossiya Federatsiyasi politsiya tizimida tashkillashtirilgan yangi formalarga e'tibor qaratiladi.

Obektiv tarzda mulohaza qilsak, o‘ngdan turgan birinchi, uchinchi va to‘rtinchi politsiyachilar poyezd mashinistlaridan farq qilishmaydi. Ularning o‘rtasida turgan ayol politsiyachi esa samolyot styuardessasiga o‘xshaydi. Qishki kiyim kiygan politsiyachilarning qalin po‘stin kiygan qorovullardan farqi yo‘q. 

Boz ustiga, aksariyat MDH davlatlarida barcha formalar, rangni hisobga olmaganda, bir xil bo‘ladi. Bunga ichki ishlar, mudofaa, favqulodda ishlar, maxsus xizmat va prokuratura xodimlarning formalarini misol qilish mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar va tegishli saytlar o‘rganilganda shu ma'lum bo‘ldiki, ko‘plab foydalanuvchilar asosan AQSh va Buyuk Britaniya politsiyasi formasini talab darajasida, deb bilishadi.

AQSh politsiyasi 
Buyuk Britaniya politsiyasi

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlari uchun yangi forma tayyorlanganda albatta professional dizayn, rang va ko‘rinishga alohida e'tibor berish zarur. Qora shim, ko‘k ko‘ylak va maxsus bosh kiyimni ko‘rgan shaxs, «Xudoga shukr, shular xavfsizligimiz uchun bor ekan, hamkorlik uchun ming rahmat», deyishi kerak. Shunday ekan, umid qilamiz, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar xodimlarining yangi formalari xalq orasida ularning obro‘-e'tibori va imijini yanada oshiradi.     

Ulug‘bek Akbarov
 

Mavzuga oid