Jamiyat | 13:05 / 09.04.2018
62928
12 daqiqa o‘qiladi

Maqola izidan: Beshariqliklarni qo‘shnilar oldida izza qilib qo‘ygan rahbarlar

Shu yil fevral oyida saytimiz orqali «Beshariqning yechimini kutayotgan besh muammosi» nomli maqola e'lon qilingan, unda Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi aholi va tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar haqida yozilgan edi.

Oradan bir oydan ko‘proq vaqt o‘tib, mavjud kamchiliklarni qay darajada hal etilgani bilan tanishish maqsadida Beshariq tumaniga yana yo‘lga chiqdik.

O‘sha maqola va videoreportajda tuman dehqon bozoridagi achinarli holat, Ropqon qishlog‘idagi 450 gektarlik o‘rik bog‘lari suvsizlikdan quriyotgani, tadbirkor yigitning kichik korxona ochishiga tuman hokimligining e'tiborsizligi, kushxona ochish uchun ruxsat ololmayotgan tadbirkor bilan bog‘liq tushunarsiz holat hamda tuman markazidagi  masjid yonidagi tartibsizliklar bayon qilingan edi. 

Navbatdagi safarimiz davomida tuman mutasaddilarining ma'lum kamchiliklarni qay darajada hal qilishga kirishganiga to‘xtalamiz.

Beshariq bozorida
Manzilga yetgach, tuman hokimligi binosiga bordik. Tuman hokimi va biz bilan muloqot qilishi mumkin bo‘lgan mutasaddilar topshiriqlar bilan joylarga chiqib ketishgan ekan. U yerdagilarga yana qaytib kelishimizni aytib, Beshariq bozoridagi holatni ko‘rgani yo‘l oldik.

Avvalgi maqolamizda 2012 yili Beshariq hokimligi tomonidan fuqarolar kelib-ketishiga qulay bo‘lgan hudud  - Do‘stlik ko‘chasidan joy tanlanib, kiyim-bosh, xo‘jalik mollari, yog‘och va boshqa qurilish mahsulotlari bilan savdo qiluvchi, zamonaviy ko‘rinishdagi bozorlar qurilgani, mazkur savdo majmualarida tegishli hujjatlar asosida ish yuritadigan, mahalliy byudjyetga vaqtida barcha to‘lovlarni amalga oshiradigan tadbirkorlar faoliyatini olib borayotgani, biroq tuman hokimligi va Davlat soliq inspeksiyasi ayni paytda savdo qilishga yaroqsiz holda bo‘lgan va rekonstruksiyaga tushgan «Dehqon bozori»dan «Yangi bozor»ga tadbirkorlarni jalb qilishga juda ham bosh qotirmayotgani tanqid ostiga olingan edi. Dehqonchilik mahsulotlar bilan sanoat mollari aralash sotilayotgan bozorda savdo «gullab-yashnayotgani»ga alohida urg‘u bergan edik. Barcha soliqlarni to‘lab, me'yoriy hujjatlar asosida Do‘stlik ko‘chasidagi «Turon sanoat-savdo» bozorida ish olib borayotgan tadbirkorlarning borgan sari fig‘oni falakka chiqayotgani videolavhalar orqali berilgandi.

Bu safar o‘sha «Dehqon bozori»da bo‘lganimizda, muammo yuzasidan biroz o‘zgarish qilinganini sezdik, desak xato bo‘lmaydi. Sababi, bozor yonidagi Yo. Abdullayev ko‘chasidagi harakatlanish me'yoriga tushibdi. Biroq, bozor atrofidagi ko‘chalarda tartibsiz savdo o‘shanday davom etmoqda. Antisanitariya, behujjat yoyma savdogarchilik va tumonat odam. Bozorda rekonstruksiya ishlari boshlanganiga uch yil bo‘libdi. Bir tomonda buzilish ishlari ikkinchi tomonda savdo-sotiq. Bu bozor qachon bitishi ma'lum emas. Dehqon bozorini yarim soatlar chamasi aylanib, yana Do‘stlik ko‘chasidagi bozorga bordik.

Bozorda hech qanday yangilikning o‘zi yo‘q. Aholi uchun qulay, markaz joyda qurilgan bozor hali ham huvillab yotibdi. Savdogarlar biz bilan suhbatda maqola e'lon qilingach, uch-to‘rt kun kiyim-kechak, sanoat mollari bilan savdo qiluvchi ko‘p tadbirkorlar Do‘stlik ko‘chasidagi bozorga ko‘chib o‘tgani, lekin «Dehqon bozori»da savdo to‘xtamagani uchun qaytib ketishganini bildirishdi.      

«2017 yilning dekabr oyi Qo‘qon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Botir Parpiyev boshchiligida o‘tkazilgan sayyor qabulda bozorimiz muammosi bo‘yicha murojaat qilgan edik. Viloyat boshqarma boshlig‘i tuman hokimi, prokurori va IIB boshlig‘iga «Dehqon bozori»dan savdogarlarni ko‘chirish imkoniyati mavjud ekani haqida xat bilan ham chiqqan edi. Lekin, natija bo‘lmayapti.

Maqola chiqqanidan so‘ng savdogarlarni olib kelib, suratlarga olishdi. Bir hafta bozorimizda xaridor yurib, gavjum bo‘lgani haqiqat. Lekin, yana ular qaytib ketishdi», deydi tadbirkorlar.

Maqola nashrimizda e'lon qilinganidan so‘ng bozorga faqat tuman soliq idorasi xodimlari kelib, qo‘ldan kelganicha urinishibdi. Tuman hokimi va boshqa rahbarlar muammo bilan qiziqib ham qo‘ymagan.  

Savdogarlarga tuman hokimi bilan uchrashib, ularni qiynayotgan murojaatlarni yetkazishga va'da berdik. 

Ropqondagi bog‘lar muammosi
O‘rik bog‘lari va polvonlari bilan mashhur Ropqon qishlog‘iga borishdan oldin, bog‘bonlar bilan telefon orqali bog‘landik. 450 gektarlik bog‘ quriyotgani haqidagi muammolar ham hokimlik mutasaddilarini tashvishga solmabdi.

«Suv chiqarish nasoslari bo‘yicha hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Bog‘bonlar o‘zlari nasosni ta'mirlab, eplab ishlatib olishgan. Nasoslar eskiligi uchun bir kun ishlasa, ikki kun ishlamaydi. Bundan 4 yil oldin bizga «Nasos stansiyasini ta'mirlash uchun pul ajratiladi» deya berilgan va'da haliyam bajarilgani yo‘q. Bu yil ham mablag‘ ajratilmabdi. Qani, kutaveraylikchi?», deydi keksa bog‘bon Rustamjon ota.

Adiroboddagi mashaqqatli mehnatlar evaziga bunyod etilgan o‘rikzorlarning 450 gektari suvsizlikdan qurib qolibdi. Yana qanaqa navli o‘riklar qurigan, bilasizmi? «Subhoni», «Oq qantak», «Limonka», «Lola» va o‘sha Toshkent bozorlarida kilosi 50 ming so‘mga chiqqan «Iris» navlari. Eksportbop, butun dunyo og‘zi tegadigan o‘riklar. Endi qolganlari ham qurish xavfi ostida.

5 ming kishini ish va daromad bilan ta'minlab turgan, davlatga har gektaridan 1 milliondan soliq to‘lanadigan 450 gektar yerdagi bog‘ o‘riklarini qayta o‘stirish uchun yana qancha yillar kerak!     

Bog‘bonlar dardini ham tuman hokimligiga yetkazishni aytib, xayrlashdik.

Kichik korxona qurishni o‘ylagan yosh tadbirkor niyatidan qaytibdi
Navbatdagi muammoli holat ham Ropqon qishlog‘ilik tadbirkor yigitga taalluqli edi. Nodirbek Nizomiddinov 2014 yili qishlog‘idan chiqadigan buloq suvining tarkibini laboratoriyada tahlil qildiradi. Mutaxassislar suvning tarkibida 27 xil ma'danlar borligini aniqlashadi. Yosh tadbirkor chet eldan 16 ming AQSh dollariga suv qadoqlash texnologiyasini olib keladi. Uning maqsadi aniq edi. Ma'danli suvni qadoqlashni yo‘lga qo‘ysa, 16 kishi ish bilan ta'minlanib, daromadga kiradi. Mahalliy byudjyetga ham foyda. O‘tgan gal shu muammoga alohida to‘xtalgandik.

Nodirbek bu safar biz bilan gaplashishni istamadi. «Qo‘yinglar, beg‘alva yurganim ma'qul ekan. O‘shandan keyin bir marta tuman prokuraturasiga chaqirishib, men tanlagan besh sotix joydan 500 metr uzoqlikdagi joyni berishini aytishdi. Tadbirkorlik uchun juda noqulay joy. Loyihamdan voz kechib qo‘ya qoldim», deydi yosh tadbirkor.

Kushxona muammosi
Farg‘onada eshak so‘yib, go‘shtini umumiy ovqatlanish korxonalariga o‘tkazib yurgan soxta tadbirkor haqida OAV rosa bong urdi. Tumanda yashovchi tadbirkor Umidjon Poyg‘amov «Vatan» mahallasidagi tuman hokimligi zaxirasiga olingan yer maydonidan 10 sotix joy so‘rab, zamonaviy qoramol so‘yish maskani - kushxona qurmoqni maqsad qilgan.

Tadbirkorlikni boshlashni niyat qilgan yigit uch yildan beri sargardon. «215 ming aholi yashaydigan tumanimizda bir dona kushxona ishlab turibdi. Unda 30 bosh qoramol so‘yiladi, xolos. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan kushxona qurish maqsadida tuman hokimligiga arizalar bilan ko‘p bora murojaat qildim. Tuman DSENM tashkilotidan men tanlagan yer maydoni kushxona qurish sanitariya holatlariga to‘g‘ri kelishi haqida xulosa ham olganman.

O‘z hisobimdan kredit olmay, 8 kishini ish bilan ta'minlab, sanitariya me'yorlarida ishlaydigan korxona qurishim haqidagi savolimga tuman hokimi: «Bizda bitta kushxona bor. Ikkitasi kerak emas» deya javob qaytardi. Vaholanki, tumanimizda mavjud bitta kushxona barcha umumiy ovqatlanish shoxobchalariga xizmat qila olmasligi aniq. Qoramol va qo‘ylarni asosan uyda so‘yishyapti» deydi tadbirkor.

Umidi so‘nmagan tadbirkorning arzini ham tuman hokimligi vakillariga yetkazishni aytdik.           

Tuman hokimi biz bilan uchrashishni istamadi
Tuman hokimligiga borib, mutasaddilar bilan suhbatlashmoqchi bo‘ldik. Afsuski, mas'ul shaxslar o‘z vazifalarini bajarish uchun joylarga chiqib ketishgan ekan. So‘ng, qabulxona xodimidan tuman hokimi Rasuljon Jo‘rayevning telefon raqamini olib, bog‘lanishga harakat qildik. Hokimdan  uchrashgani vaqti bor yoki yo‘qligini, bugun kun davomida suhbatlashgani imkoni bo‘lsa kutib turishimizni aytdik.

Unga mavjud muammolarni o‘rganish uchun qanday ishlar amalga oshirilgani haqida savol berganimizdan so‘ng, Beshariq tumani hokimi biz bilan uchrasha olmasligini, bizga murojaat bilan chiqqan aholi nohaq ekanligi aytib, suhbatni qisqa qildi.

«Beshariqdagi muammolar hududning ichki muammosi, balki, biz jurnalistlar masalaga bir tomonlama baho berib, murojaatlarning asl mohiyatini tushuna olmagandirmiz. Aniqlik kiritib olsak yaxshi bo‘lar edi?» degan savolimizga mutasaddi «Yo‘q, savollaringizga javob bera olmayman. Sizlar kimningdir «zakazi» bo‘yicha kelgansizlar» deya javob bergach, hafsalamiz pir bo‘ldi.

Axir, biz o‘rinsiz muammolarni ko‘tarib chiqayotgan bo‘lsak, aniq voqelikdan xabar topishimiz kerak-ku?

Mamlakatimizda ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Yurt rahbarlari, hokimlar, soha mutasaddilari xalq dardini tinglab, aholi yoniga borib, o‘sha joyning o‘zida muammolarni hal qilyapti. Bugungi kun rahbari mas'uliyatli davrda faoliyat olib bormoqda. Lekin, Beshariq tumani hokimligining hududda mavjud kamchiliklar haqidagi maqoladan so‘ng muammolar yechimi bilan qiziqib ham ko‘rmagani bizni taajjubga soldi.

«Dehqon bozori»da patir ishlab chiqarib, savdo qiluvchi tadbirkor Mohira Sodiqova shunday dedi: «Chegaralar ochilib, tumanimizga Tojikistondan ko‘plab mehmonlar o‘tishyapti. Ular bozorimizning ahvolini ko‘rib: «Juda fayzsiz, eski va talabga javob bermaydigan bozor ekan. Rahbarlarga murojaat qilsanglar bo‘lmaydimi?» deb gapirishganida rosa uyatga qoldik».

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov

Mavzuga oid