Jahon | 07:50 / 15.04.2018
28139
3 daqiqa o‘qiladi

Pentagon Suriyaga 3 tomondan hujum qilinganini ma'lum qildi 

Foto: AP

Pentagon vakillari brifingda Suriyadagi kimyoviy qurol sanoati obektlariga qarshi amaliyot tafsilotlarini bayon qilishdi. Bu haqda CNN telekanali xabar bermoqda.

AQSh mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh, Fransiya va Britaniya harbiylari uchta mo‘ljalni nishonga olib, ularga qarata 105 ta qanotli raketa bilan zarba bergan.

Qo‘llangan raketalarning aksariyati, ya'ni 85 tasi amerikaliklar hisobiga to‘g‘ri kelgan. Hujum samolyotlar va kemalardan olib borilgan. Xususan, Qizil dengizdagi Monterey kreyseri va Laboon esminetsi tomonidan mos ravishda 30 ta va 7 ta “Tomagavk” raketasi otilgan. Hujumda, shuningdek, Fors ko‘rfazining shimoliy qismidagi Higgins esminetsi (23 ta raketa otgan) va O‘rta yer dengizidagi John Warner suv osti kemasi (6 ta raketa) ishtirok etgan.

Havodan zarbalar ikkita B-1B samolyoti tomonidan berilgan, samolyotlar umumiy hisobda 19 ta raketa otgan.

Fransiya tomonidan amaliyotga O‘rta yer dengizidagi fregat jalb qilingan, u 3 ta SCALP raketasi bilan zarba bergan. Shuningdek, amaliyotda Rafale va Mirage samolyotlari ishtirok etib, ular 9 ta raketa otgan.

Amaliyotda britaniyaliklarning hissasi kamroq bo‘lgan: ular Kiprdagi aviabazadan Tornado va Typhoon samolyotlarini havoga ko‘tarib, Suriyaga 8 ta raketa bilan zarba bergan.

The Drive nashri ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh hujum vaqtida ilk bor AGM-158 JASSM qanotli raketalarini jangovar holatda qo‘llagan. Bu raketalar bilan B-1B samolyotlaridan biri jihozlangan bo‘lgan.

Pentagonda ta'kidlanishicha, Suriya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlari birorta AQSh samolyoti yoki raketasini urib tushirmagan, biroq zarbalarga 40 taga yaqin “yer-havo” sinfidagi raketalar bilan javob bergan. Amerikaliklar Damashqning javob harakatlarini xavfli va besamar deb atashgan, biroq suriyaliklar raketalarning aksariyatini urib tushirishganini ta'kidlashmoqda.

Suriyaga hujum qilinishidan maqsad kimyoviy qurol qo‘llanishining yangi holatlariga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat. Hujumga esa Suriyaning Duma shahriga hukumat kuchlari tomonidan xlorli bomba tashlangani sabab qilib ko‘rsatilgan. Bombalar tashlangani haqida isyonchilar xabar bergan. Biroq Suriya va Rossiya Dumada kimyoviy qurol qo‘llangani haqidagi axborotni tasdiqlashmagan va buni ig‘vo deb atashgan.

Mavzuga oid