O‘zbekiston | 01:19 / 15.04.2018
9520
3 daqiqa o‘qiladi

Respublika tovar xom ashyo birjasi yilning birinchi choragi ko‘rsatkichlarini e'lon qildi

Foto: UZEX.uz

2018 yilning I choragida «O‘zRTXB» AJ da 5,87 trln so‘mlik bitimlar tuzilib,  o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 78 foizni tashkil etgan. Shu jumladan, birja savdo bitimlarining hajmi ikki marotabaga — 5,5 trln so‘mgacha ko‘tarildi, deb yozadi «O‘zRTXB» AJ Matbuot xizmati.

Birja savdo platformasida bir qator tovarlar bo‘yicha natural ko‘rinishda o‘sish kuzatildi, shu jumladan mineral o‘g‘itlar – 11 marotabaga, dizel yonilg‘isi – 10 marotabaga, qora metall – 5 marotabaga, polipropilen – 24% ga va polietilen – 7% ga ko‘tarildi. Sotilgan tovarlar tarkibining katta qismini kimyo va neft-kimyo mahsulotlari – 21%, qurilish mollari – 18%, qora va rangli metallar – 15% bilan egallashdi.

Birja tovarlari hajmini oshishi va ularning nomenklaturasini kengayishi, hamda birjada yaratilgan qulayliklar evaziga 24 mingta yangi mijozlar ro‘yxatdan o‘tdi va bu o‘tgan yilning I choragiga nisbatan 9 marotabaga ko‘pdir. Birja savdolarida sof bozor narxlarini shakllanishi evaziga sotuvchi korxonalar 918 mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad olishdi.

Biznesning birja va auksion savdolarida faol ishtirok etishi hisobiga elektron savdolarning o‘sishiga erishildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ishtiroki bilan tuzilgan bitimlarning umumiy qiymati 2017 yilning I choragiga nisbatan 31% ga o‘sib, 2,9 trln so‘mni tashkil etdi. Ya'ni tadbirkorlar birja orqali 2,4 trln so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 510 mlrd so‘mlik mahsulot sotdilar.

Hisobot davrida ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida 308,1 mlrd so‘mlik 7,1 mingta bitimlar tuzildi. Xaridlarning katta qismi ya'ni 37% kimyo mahsulotlariga, 19% – metall mahsulotlari va 7% – qurilish mollariga to‘g‘ri keldi.

Birjaning valyuta savdo maydonchasi va elektron do‘koni orqali 23,8 mln AQSh dollarlik mahalliy mahsulotlar eksport qilindi. Shu jumladan birja savdolari orqali eksportga paxta tolasi (ulushi – 37%), polietilen (31%), neft gachi va sanoat moylari (6% dan) sotildi.

2018 yilning I choragida onlayn auksionlar orqali 734 ta avtoraqamlar, shu jumladan, ularning 544 tasi jismoniy shaxslarga, 190 tasi yuridik shaxslarga sotildi. Sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy kiymati 12,1 mlrd so‘mdan oshdi. Ko‘rsatilgan davrda tuzilgan bitimning o‘rtacha qiymati 16,5 mln so‘mni tashkil etdi.

Xaridorlarning tarkibiy tuzilmasida yetakchi o‘rin, ya'ni bozorning 40% ni Toshkent va Toshkent viloyatining avtotransport egalariga tegishli. Keyingi navbatda Samarqand va Farg‘ona viloyatlari (11% dan), uchinchi o‘rinda Namangan va Andijon viloyatlari (6% dan) ning xaridorlari joylashgan.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AVTORAQAM elektron tizimida har kuni o‘rtacha 11 ta bitim tuzilgan.

Mavzuga oid