Jahon | 15:00 / 17.04.2018
27497
3 daqiqa o‘qiladi

Armanistonda «baxmal inqilob» boshlandi

Armaniston «Fuqarolik kelishuvi» muxolif partiyasi rahbari, parlament deputati Nikol Pashinyan mamlakatda «baxmal inqilob» boshlangani haqida e'lon qildi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar tarqatmoqda.

«Mamlakatda inqilobiy vaziyat yuzaga keldi. Gyumri, Idjyevan, Vanadzor, Kapan va Metsamor shaharlarida ham namoyishchilar ko‘chalarni va xalqaro trassalarni to‘sib qo‘yishmoqda. Odamlar ishga chiqmayapti, ommaviy ish tashlashlar boshlandi», degan u. 

Ayni vaqtda Armaniston parlamentida mamlakatning sobiq prezidenti Serj Sargsyanni bosh vazir etib saylashga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Sargsyanning nomzodi hukmron Respublika partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

16 aprel kuni avjiga chiqqan namoyishchilar bugun ham davom etdi, muxolifat tarafdorlari Yerevan markazidagi parlament binosini qamalga olishgan, radikal muxoliflar shahar markazi bo‘ylab marsh uyushtirishmoqda, politsiya bilan to‘qnashuvlar ro‘y bermoqda. Muxolifatchilar yetakchisi ma'lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha 30 nafar namoyishchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan. Politsiya kuch ishlatish bilan tahdid qilmoqda.

16 aprel kuni Pashinyan tarafdorlari Yerevan ko‘chalarini to‘sib qo‘ya boshlashdi va parlament binosini egallashga urinib ko‘rishdi. Politsiya maxsus vositalar qo‘llab, namoyishchilarni chekintirdi. TASS ma'lumotlariga ko‘ra, dushanba kungi to‘qnashuvlardan keyin 12 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Armaniston bosh prokuraturasi ommaviy tartibsizliklar yuzasidan jinoiy ish ochgan.

2017 yilning dekabrida Armaniston boshqaruvning prezidentlik shaklidan voz kechib, parlamentar respublikaga aylangandi. Bu qaror sobiq prezident Serj Sargsyan tashabbusi bilan o‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra qabul qilingan. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, konstitutsion islohotni yoqlab, referendum ishtirokchilarining 63,37 foizi ovoz bergandi (825 ming kishi), 32,32 foiz saylovchi qarshi chiqqandi (421 ming kishi).

Serj Sargsyan prezidentlik lavozimini 2018 yilning 9 aprelida, 10 yillik boshqaruvdan keyin tark etdi.

Mavzuga oid