O‘zbekiston | 22:13 / 17.04.2018
29386
2 daqiqa o‘qiladi

Endi o‘zboshimcha shanbaliklar bo‘lmaydi. O‘qituvchilar «tekshiruvchilar»​ga pul yig‘maydi

Bugun, 17 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida «Hududlarda dala va tozalash-obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta'lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatlarga yo‘l qo‘ygan barcha darajadagi hokimlar va rahbarlarning shaxsiy mas'uliyat va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash» masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Korxona, tashkilot va muassasalardagi xodimlarning majburiy mehnatga jalb etishdagi vaziyatlarga qat'iy chora ko‘rish bo‘yicha alohida tartib ishlab chiqarilishi e'lon qilindi. Hokimiyat topshirig‘iga binoan xodimlarning ish haqidan qonunga xilof ravishda mablag‘ ushlab qolish, g‘o‘za parvarishi, kommunal to‘lovlar, «tekshiruvchilar», obodonlashtirish uchun gul ko‘chatlari va hokazolarga mablag‘ ushlab qolish holati aniqlansa, jazo qattiq bo‘lishi baralla aytildi.

«Qonun va hujjatlarga xilof ravishda hashar hamda shanbaliklar tashkil etish amaliyotiga barham berish» to‘g‘risida gapirgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov xodimlarni majburiy mehnatga jalb etishda davom ettirish prezident va davlat siyosatiga qarshi chiqish ekanini ta'kidlab o‘tdi.

Mavzuga oid