Light | 23:01 / 18.04.2018
26831
5 daqiqa o‘qiladi

Kakebo: Pullarni yig‘ish va sarflashning yaponcha usuli

Foto: lifehacker

Bloknot va qo‘lda yozishni yaxshi ko‘ruvchi barcha kishilar byudjyetni yuritishning bu tizimini ma'qullashadi. "Layfxaker" shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Kakebo nima?

Kakebo so‘zi — bu uydagi tejamkorlikni bildiruvchi uch iyeroglif. Bunday moliyaviy tizim yaponiyalik Motoko Xani tomonidan o‘ylab topilgan.

Kakebo tizimi yig‘imlarni oshirishga yo‘naltirilgan va "toma-toma ko‘l bo‘lur" tamoyiliga ko‘ra ishlaydi. Pullarni oz-ozdan, lekin muntazam yig‘ishga to‘g‘ri keladi.

Kakebo uchun nima qilish kerak bo‘ladi?

Motoko Xani tavsiyasiga ko‘ra byudjyet yuritish uchun sizga ikki bloknot kerak bo‘ladi - katta va kichik. Kattasiga barcha daromadlaringizni yozib borasiz, xarajatlar va yig‘imlarni rejalashtirasiz. Kichik bloknotni o‘zingiz bilan olib yurishingizga to‘g‘ri keladi - unga real vaqt rejimida barcha chiqimlaringizni yozib borasiz, hech nima esingizdan chiqmasin.

Yozuvlarni qanday kiritish kerak?

Kichik bloknotda hammasi tushunarli bo‘lsa kerak: siz har safar pul sarflaganingizda unga chiqim miqdorini kiritib borasiz. Katta bloknotni esa o‘zingizga qulay qilib chizish mumkin. Undan quyidagilar o‘rin olishi kerak:

  • Bir oylik daromadlar rejasi. Uni jadval yoki ro‘yxat shaklida yuritish mumkin. Muhimi, unda barcha kirim vositalarini qayd qilib borish: avans, ish haqi, qaytarilgan qarzlar, noutbuk sotuvlaridan tushgan mablag‘ va hokazo. Oy boshida ishonchingiz komil bo‘lgan daromadlaringizni kiriting, keyinroq esa boshqa rangdagi ruchka bilan yoki bosma harflar bilan qo‘shimchalar kiritish mumkin.
  • Bir oylik tejamkorlik rejasi. Bu sahifada siz omonat hisobingizga yoki yig‘imlaringiz turadigan joyga necha pul olib qo‘yishni istashingizni ko‘rsatasiz. Bu summani xarajatlarni rejalashtirishdan oldin aniqlab olish kerak.
  • Bir oylik xarajatlar rejasi. Unga doimiy chiqimlarning barchasi kiritiladi: kommunal to‘lovlar, kvartira ijarasi uchun to‘lov, aloqa va internet xizmatlari uchun to‘lovlar.

Majburiy xarajatlar va yig‘imlardan tashqari qolgan pullarni to‘rt toifaga ajratish taklif qilinadi:

  • Hayotiy zaruratlar uchun xarajatlar: oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzal.
  • Madaniyat va ta'lim: o‘qish, treninglar, madaniy maskanlarga chiptalar.
  • Dam olish: do‘stlar bilan uchrashuv, kinoga borish, qisqa sayohatlar.
  • Boshqalar: ilk uch toifaga kirmaydigan barcha xarajatlar.

Agar xarajatlaringizni to‘g‘ri rejalashtirsangiz, bir oy davomida jadval doirasidan chiqmaslikning uddasidan chiqasiz.

Kakebo tizimi faqat yozuvlar bilan cheklanib qolmaydi. Har oy oxirida rejaga rioya qildingizmi yoki yo‘q, qayerda tejay oldingizu qayerda ortiqcha xarajat qildingiz - tahlil qilishingizga to‘g‘ri keladi. Bu kelgusi oylar byudjyetini aniqroq tuzish va qaysi chiqimlarga tuzatish kiritish kerakligini ko‘rsatadi.

Kakebo tizimiga ko‘ra qanday pul yig‘ish kerak?

Tizimda sizga yig‘imlarni samaraliroq oshirishga yordam beruvchi qo‘shimcha hiylalar bor.

  1. Har kuni cho‘ntagingizda qolgan mayda pullarni pul yig‘adigan idishingizga solib qo‘ying. Bugun bir uyum mayda puldek ko‘rinadigan narsa oy oxiriga borib anchaga yetib qoladi.
  2. Qaytarilgan qarzlarni to‘liq pul yig‘adigan idishingizga "yo‘llang". Umuman olganda, bu daromad emas, siz shunchaki o‘tgan oygi pullarni qaytardingiz.
  3. Yirik kupyuralarni maydalaganda kichik foizini "xazinangiz"ga qo‘shing, keyinchalik bu pullar yirikroq summaga aylanadi.
  4. O‘zingiz uchun jarimalar tizimini ishlab chiqing. Zararli odatlaringiz yoki sport mashg‘ulotlarini qo‘yib yuborganingiz uchun o‘zingizni moliyaviy jazolang: masalan, 1000 so‘mdan "xazina"ga. Har qaysi holatda ham foyda olasiz: yo siz boyib ketasiz, yoki qat'iy tartibga rioya qilishni o‘rganasiz.
  5. Sarflash niyatingiz bo‘lmagan pullaringizni to‘rt haftaga taqsimlang. Yetti kunlik byudjyetdan tashqari qolgan pullarni hafta oxirida olib qo‘ying.
  6. Shoshilinch bo‘lmagan xaridlarni bir oyga kechiktiring. Agar 30 kundan keyin hali-hanuz o‘sha narsani qo‘lga kiritgingiz kelsa, shunday qiling. Biroq ba'zan vaqt o‘tib ba'zi narsalar u qadar zarur bo‘lib chiqmasligi ham mumkin.

Kakebo'ni zamonaviy texnologiyalarda tatbiq qilish

Tizim ikki bloknotga mo‘ljallangan, biroq joriy xarajatlarni ilovaga yozib borish ham ziyon qilmaydi, asosiy moliyaviy kitobning o‘rniga esa Excel jadvalidan foydalanish mumkin.

Mavzuga oid