Light | 02:26 / 18.04.2018
30026
4 daqiqa o‘qiladi

Qulf osilgan​ yoki oshxonaga aylangan choyxonalar haqida o‘ylar

Foto: Facebook/Davronbek Tojaliyev

Bu suratni Kastamonudagi 4 asrlik binoning ichidan oldim. Bu yerda choyxona faoliyat yuritadi. Kishilar bu yerga ovqatlangani emas, aynan bir finjon choy yoki qahva ichib, suhbatlashgani kelishadi. Turkiyada ovqat madaniyatidan alohida choy madaniyati (çay kültürü) ham shakllangan. 

Mahallalar, guzarlarda kichkinagina kursi va xontaxta atrofida bir-biri bilan suhbat qilayotgan kishilarni ko‘p uchratasiz. Bu yer kafe ham emas, restoran ham emas. Choy bog‘chalari deyiladi (çay bahçesi). Turistlarni jalb qilish maqsadida tarixiy binolarda (ular Turkiyada har qadamda) ham milliy koloritni namoyish qiluvchi shunday choyxonalar faoliyat yuritadi. 

Mahallalar ichida bir qancha qiroatxonalarni ko‘rdim. Bu mahalliy kutubxonalarga xalq kirib, bir finjon choy va qahva ichib, kitob mutolaa qiladi (yangi dunyodagi Bookcafe‘larning asliyatdagi ko‘rinishi).

Shularni ko‘rib, o‘ylar ekanman, bir necha yil oldin yozgan mulohazalarim yodga tushdi.

Yaxshi eslayman: Marg‘ilondagi barcha mahalla guzarlarida masjid, choyxona, novvoyxona, qassobxona, sartaroshxona va do‘kon bir joyda bo‘lar, mahalla ahli shu yerda yig‘ilib, vaqtini xush o‘tkazardi.

Ayniqsa, mahalla choyxonasi qariyalarning yig‘iladigan joyi bo‘lib, ular masjiddan chiqib, shu yerda o‘tirishar, suhbatlashar, gazeta o‘qishar, burchakdagi radioni tinglashar edi. Katta samovarda doimo suv qaynab turar, choy esa deyarli suvtekin. Gohida meni ham davralariga qo‘shib, go‘zal suhbatlariga sherik qilishar, ba'zan kitob o‘qittirib, vaqt o‘tkazilgandi. Bir paytlar bu yerda bedilxonlik, yassaviyxonliklar bo‘lgan, eski turkiy-arabiy kitoblar o‘qilgan ekan. O‘sha paytlarda choyxonada qariyalar ko‘p bo‘lardi.

Iqtisodiy sharoitmi yo yana boshqa sabablarmi shahardagi choyxonalar asta-sekin yopildi yoki faoliyatini o‘zgartirdi. Bizning choyxona bir muddat yemakxona bo‘ldi, so‘ng somsaxonaga ijaraga berishdi, keyin kartaxona, tennisxona, hotdogxona bo‘ldi… Hozir qulf osilgan. Marg‘ilondagi eng katta “Xanda” choyxonasi to‘yxonaga, uning yonidagi “Otalar choyxonasi” oshxonaga aylantirilgan.

Hozirda choyxona deganda butkul boshqa manzara tasavvur qilinadi: sigaret hidi buruqsigan alohida xonalarda bir guruh yigitlar xandon otib karta o‘ynaydigan, so‘ngida oshpaz pishirib bergan palovxonto‘rani paqqos tushirib, kekirib o‘tiradigan joy.

Nazarimda mahallalarda qariyalar ham kamdek. Menga qadrdon chollarning ko‘pi rahmatli bo‘lib ketdi. “Yangi chollar”ni faqat masjidda va nahorgi oshlarda uchratasiz. Mahallaning to‘riga ko‘rk bo‘lgan chollar tarixga aylandi.

Ertaga farzandim choyxona haqida so‘rab qolsa, qaysi variantda javob berarkinman, degan o‘ydaman.

Davronbek Tojaliyev

Mavzuga oid