Jamiyat | 16:37 / 19.04.2018
4626
3 daqiqa o‘qiladi

1-chorakda ma'muriy sudlar tomonidan 102 mingdan ortiq shaxsga nisbatan ishlar ko‘rib chiqildi

Foto: RIA Novosti/Maksim Bogodvid

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2017 yil 1 iyundan o‘z faoliyatini boshlagan ma'muriy sudlar odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

2018 yilning birinchi choragida ma'muriy sudlar tomonidan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish, davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish, saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish, notarial harakatni amalga oshirish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishni ro‘yxatga olish rad etilganligi yoki notariusning yoxud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish yoxud belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash ustidan shikoyat qilish bilan bog‘liq 4 783 ta ish ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning xabar berishicha, buning natijasida 3 416 fuqaroning huquqi tiklandi.

Shuningdek, hisobot davrida ma'muriy sudlar tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 102 481 nafar shaxsga nisbatan 84 141 ta ish ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, transport vositalarini mast holda boshqarishi, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, tegishli hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, mayda bezorilik, militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, pasport tizimi qoidalarini buzish va O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Shu bilan birga 73 394 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma'muriy qamoq va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi.

Mavzuga oid