Qirg‘iziston hukumati iste'folari. So‘nggi 8 yilda bosh vazirlar qanday ketgan?
Bugun, 19 aprel kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlari bosh vazir Sapar Isakovga ishonchsizlik votumini e'lon qilishdi. Davlat rahbari esa uni qabul qildi. «Ata Meken», «Respublika — Ata Jurt» va «Onuguu-Progress» fraksiyasi deputatlari Vazirlar Mahkamasi iste'fosining tashabbuskori bo‘lishdi.
«24.kg» axborot agentligi 2010 yil aprel oyida yuz bergan inqilobdan so‘ng, qirg‘iz hukumati rahbarlarining barcha iste'folari sabablariga to‘xtalib o‘tdi.
Sapar Isakov (2017 yil avgust – 2018 yil aprel)
2017 yil avgust oyida 40 yoshli Sapar Isakov bosh vazir qilib saylandi. Bir necha dadil, ammo amalga oshmay qolgan loyihalar bilan esda qoldi. Ularning orasida «Taza koom», «Tunduk» va «Aqlli shahar» loyihalari ham bor.
Sapar Isakov korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini barpo qilishga va'da bergan edi. Ammo 6 oy muddat davomida uni yo‘lga qo‘yish amri mahol ekanini ta'kidladi. Natijada Qirg‘iziston deputatlari tarixda ilk marotaba hukumatga ishonchsizlik votumini e'lon qilishdi.
Sooronboy Jeenbekov (2016 yil aprel – 2017 yil avgust)
2016 yil aprel oyida prezident apparati rahbarining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Sooronboy Jeenbekov bosh vazir qilib saylandi.
2017 yil yozida, SDPK qurultoyida u prezident lavozimiga yagona nomzod qilib ko‘rsatilganidan so‘ng, iste'foga chiqdi. 15 oktabrda Sooronboy Jeenbekov prezident saylovida g‘alaba qozonib, Qirg‘iziston rahbariga aylandi.
Temir Sariyev (2015 yil may – 2016 yil aprel)
Temir Sariyev 2015 yil may oyida bosh vazir lavozimini egalladi. Bir yildan so‘ng, iste'fo haqida e'lon qildi. U avtomobil yo‘llarini qayta ta'mirlash bo‘yicha o‘tkazilgan tender bilan bog‘liq mojarodan so‘ng, shunday qilishga majbur bo‘ldi.
Nizoning boshida «Qirg‘iziston» fraksiyasi sobiq rahbari Kanatbek Isayev turgan edi. Ayni paytda, uning ustidan korrupsiya va hukumatni bosqinchilik yo‘li bilan egallash moddalari asosida ikkita jinoyat ishi ochilgan.
Joomart Otorbayev (2014 yil aprel – 2015 yil aprel)
Joomart Otorbayev 2014 yil aprel oyida Vazirlar Mahkamasi rahbari bo‘ldi, ammo bir yil o‘tgach, Jokorgu Kenesh uning hisobotini ma'qullagan bo‘lsa ham, o‘z xohishi bilan iste'foga ketdi. O‘z qarorini esa demokratiya rivojlangan jamiyatda hokimiyat monopoliyasiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligi bilan izohladi.
O‘shanda «Ata Meken» yetakchisi Omurbek Tekebayev bosh vazir iste'fosining asosiy sababi «Tsenterra» direktorlar kengashi tarkibini o‘zgartirishiga to‘sqinlik qilingani ekanini aytdi.
Jantoro Satibaldiyev (2012 yil sentabr – 2014 yil mart)
Jantoro Satibaldiyev 2012 yil sentabr oyida bosh vazir bo‘ldi. 2014 yil mart oyida Omurbek Tekebayev sababli iste'foga chiqdi.
Sotsialistlar surishtiruv o‘tkazib, uni O‘sh va Jalolobod viloyatlarini tiklash bo‘yicha tashkil qilingan Davlat direksiyasi rahbarligi lavozimida firibgarlikka yo‘l qo‘yganlikda aybladilar. Natijada bosh vazir o‘z lavozimini tark etdi.
Omurbek Babanov (2011 yil iyun – 2012 yil sentabr)
2011 yil iyun oyida, bosh vazir Almazbek Atambayev prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ygach, Omurbek Babanov vaqtinchalik uning vazifalarini bajara boshladi.
2011 yil dekabr oyida parlament koalitsiyasi uni bosh vazir lavozimiga tavsiya qildi. Babanov 2012 yil 1 sentabrda iste'foga chiqdi. Bunga yana Omurbek Tekebayev sababchi bo‘ldi. Aynan u Babanovning turkiyalik tadbirkorlardan qimmatbaho otni sovg‘a tariqasida olganini oshkor qildi. Natijada, sara ingliz arg‘umog‘i uning iste'fosiga sabab bo‘ldi.
Almazbek Atambayev (2010 yil dekabr – 2011 yil iyun)
2010 yil dekabr oyida Almazbek Atambayev bosh vazir qilib tayinlandi. Bu lavozimda 2011 yil iyun oyiga qadar ishladi. So‘ngra prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ydi. 2011 yil 30 oktabr kuni saylovda g‘alaba qozonib, Qirg‘iziston prezidenti bo‘ldi.
Mavzuga oid
18:02 / 23.12.2024
Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimini «Dank» ordeni bilan mukofotladi
17:23 / 21.12.2024
Sadir Japarov Yevroparlamentni Qirg‘iziston siyosatiga aralashmaslikka chaqirdi
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
17:37 / 20.12.2024