O‘zbekiston | 11:40 / 20.04.2018
14691
7 daqiqa o‘qiladi

Sharh. OAV faoliyatiga oid qonundagi o‘zgarishlar

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

Ushbu hujjat bilan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunning 11ta moddasiga o‘zgartish kiritilib, 3ta modda bilan to‘ldirildi. Adliya vazirligi matbuot xizmati ushbu o‘zgarishlarni sharhlagan.

Xususan, ommaviy axborot vositasi deb Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar ham e'tirof etildi. Ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo‘lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan (bundan buyon matnda chiqariladigan deb yuritiladi), qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir.

Xalqaro huquqiy hujjatlar, xorij tajribasi hamda amaliyotidan kelib chiqqan holda ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlash maqsadida Qonunning 5-moddasi quyidagicha to‘ldirildi: ya'ni, «...Davlat ommaviy axborot vositalarining faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi».

Qonun 5-1-modda bilan to‘ldirildi. Xo‘sh, bu OAVga nima beradi? Mazkur moddaning amaliyotga joriy etilishi ommaviy axborot vositalari faoliyatini tadbirkorlik sub'yekti va fuqarolik jamiyatining muhim instituti sifatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tartibga solishga qaratilgan.

Bunday normalar bir qator xorij mamlakatlari qonunchiligi (Avstriya, Korea Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Ozarboyjon, Moldova, Gruziya va boshqalar) va YeI tavsiyalarida mavjud.

Ularda OAVni soliq va bojxona imtiyozlari berish, davlat tomonidan imtiyozli kreditlar berish, tariflarni tushirish bo‘yicha elektron OAVga texnik xizmat ko‘rsatish, gazetalar nashriyotining qarzlarini kamaytirish, shuningdek, tahririyatlarga davlat byudjyeti va boshqa manbalar hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar berish ko‘zda tutilgan. Aksariyat mamlakatlar qo‘llab-quvvatlashning ushbu shakllaridan to‘liq foydalanmaydi, balki, ma'lum soliqlardan, alohida mahsulotlarni (gazeta qog‘ozi) olib kirishda boj to‘lovlaridan ozod qilish kabilarni amalda qo‘llab kelishadi.

Shuningdek, xalqaro hujjatlar va bir qator xorij mamlakatlari qonunchiligida OAVni qo‘llab-quvvatlash, ularga subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar berish orqali amalga oshirilishi mumkinligi ta'kidlanadi. Xususan, Finlyandiya, Niderlandiya, Norvegiya, Shvetsiyada barcha kundalik nashrlar, Italiyada ijtimoiy muhim nashrlar, Fransiyada gazetalar ushbu shaklda qo‘llab-quvvatlanadi.

Shu bilan birga Avstriya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Korea Respublikasi qonunchiligida OAVga soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llash orqali qo‘llab-quvvatlash belgilangan.

Mazkur xalqaro tajribalar o‘rganilib, Qonun 5-1 modda bilan to‘ldirildi.

«Davlat ommaviy axborot vositalarini quyidagi yo‘llar bilan qo‘llab-quvvatlashi mumkin:

soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar hamda preferensiyalar berish;

davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

tahririyatlar xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish;

tahririyatlar xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashdan ommaviy axborot vositalarining mustaqil kasbiy faoliyatini cheklab qo‘yish uchun foydalanilishi mumkin emas».

Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati 15 kun etib belgilandi. Ilgari bu muddat bir oy bo‘lgan.

Ommaviy axborot vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan taqdirda, qaror chiqarilgandan keyin bir kun ichida arizachiga yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron shaklda bildirish yuboriladi (topshiriladi), unda rad etish sabablari, shuningdek arizachi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ko‘rsatiladi.

Qonun «Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborotni olishga doir so‘rovi» deb nomlangan 35-1-modda bilan to‘ldirildi.

«Ommaviy axborot vositasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir so‘rov bilan ularga og‘zaki yoki yozma shaklda (shu jumladan elektron hujjat shaklida) murojaat etish huquqiga ega.

Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risida axborot olishga doir, shuningdek, mansabdor shaxslarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi ko‘pi bilan yetti kun muddatda ko‘rib chiqiladi. 

Agar ommaviy axborot vositasining so‘rovini ko‘rib chiqish davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari jumlasiga kirmasa, so‘rov so‘ralayotgan axborotni taqdim etish o‘zining vakolatiga kiritilgan organga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan e'tiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, ommaviy axborot vositasi esa bu haqda xabardor qilinadi.

So‘rov rad etilgan taqdirda, ommaviy axborot vositasiga asoslantirilgan javob yuboriladi».

Hujjatning to‘liq matni 19 aprel kuni matbuotda e'lon qilindi.

Mavzuga oid