O‘zbekiston | 02:27 / 24.04.2018
227558
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston harbiylarining xizmat muddati uzaytirildi va harbiy qasamyod matni tasdiqlandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston harbiy xizmatchilarining xizmat davri muddati oshirildi va shu yo‘l bilan ularning pensiya yoshi ham ko‘tarildi, deb yozadi Norma.uz.

O‘zbekiston Respublikasining «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi va «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarining rezervida xizmat qilish to‘risida»gi qonunlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar 2018 yilning 19 oktabridan kuchga kiradi.

Hujjatlarga ko‘ra, kichik ofitserlar (leytenant, katta leytenant, kapitan, kapitan-leytenant) uchun xizmatning so‘nggi muddati ikki yilga — 43 yoshdan 45 yoshgacha oshirilgan.

Barcha katta ofitserlar (mayor, podpolkovnik, polkovnik, 3-, 2-, 1-darajali kapitanlar) uchun pensiya yoshi 50 yoshni tashkil etadi. Ilgari mayorlar, podpolkovnik va 3- va 2-darajali kapitanlar 45 yoshdan pensiyaga chiqishlari mumkin edi.

Generallar tarkibining maksimal yoshi avvalgidek — 60 yosh darajasida qolgan.

Shuningdek, rezerv qo‘shinlari razryadida bo‘lish yoshiga ham o‘zgartirish kiritildi.

Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Harbiy qasamyod matni ham qonunga kiritilmoqda. Qasamyod matni avvalgisidan farq qilmaydi va quyidagi ko‘rinishga ega:

«Men (familiyasi, ismi, otasining ismi) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga kirar ekanman, xalqimga, Prezidentimga sodiq bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman.

Men O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini va qonunlarini muqaddas bilib, ularga rioya etishga, harbiy nizomlarni, qo‘mondon va boshliqlarning buyruqlarini so‘zsiz bajarishga, harbiy intizomga qat'iy rioya qilishga, halol, jasur va sergak jangchi bo‘lishga qasamyod qilaman.

So‘nggi nafasim qolguncha ona Vatanimning sadoqatli farzandi bo‘lib qolishga, harbiy xizmatning butun mashaqqati va qiyinchiliklarini sabot bilan yengishga, davlat va harbiy sirlarni mustahkam saqlashga ajdodlarim ruhi oldida qasamyod qilaman.

Jonajon O‘zbekistonimning nurli istiqboli uchun uning davlat manfaatlari va mustaqilligining himoyachisi bo‘lishga qasamyod qilaman.

Agar men ushbu tantanali qasamyodimni buzsam qonunlarda belgilangan jazoga va xalqimning nafratiga mubtalo bo‘lay».

Mavzuga oid