Jamiyat | 22:51 / 27.04.2018
57125
7 daqiqa o‘qiladi

“Kinnachiga borsangiz ham 5 ming so‘m berasiz, biz shifokormiz-ku...”

Foto: pixabay.com

Xalqimiz orasida  “shifokorga ishing hech qachon tushmasin”, degan naql yurishi bejiz emas ekan.  Haqiqatdan ham ushbu gapda jon borga o‘xshaydi. Kuni kecha galma-galdan farzandlarimning ko‘zi xastalanib qoldi. Birini bog‘chaga jo‘natib, ikkinchisini shifokorga ko‘rsatish maqsadida o‘zimiz ro‘yxatda turadigan tuman ko‘p tarmoqli poliklinikasiga olib bordim. Aksiga olib bolalar okulist shifokori ushbu kunda ishlamas ekan. Uning ish kunlari haftada atiga ikki kun ekan. Farzandimni qiynayotgan dard esa shifokorning kelish vaqtini kutolmaydi, yanada avj olib ketishi tayin gap. Poliklinikaga kelganimiz zoye ketmasligi uchun boshqa shifokordan maslahat olish maqsadida, navbatda turib oldiga kirdik. Ular ko‘z xastaligini faqat okulist davolashini aytishdi. Shundan so‘ng shaharda joylashgan eng yaqin ko‘p tarmoqli poliklinikaga borishga majbur bo‘ldik. Qabul bo‘limida o‘tiradigan hamshira okulistni  3-qavat, 317-xonada bo‘lishini aytdi. Xona oldiga kelib o‘z navbatimizni kuta boshladik.  Eshikka katta qilib “tibbiy xizmatlar bepul”, deb yozib qo‘yilgan ekan. Avvallari “ushbu poliklinikada ro‘yxatda turadiganlar uchun bepul”, deb yozishardi. Bepulligidan quvondim. Aksiga olib cho‘ntagimda 10 ming so‘m bilan chiqqanman. Farzandim ham tinmay qorni och qolganini takrorlab, xoli-jonimga qo‘ymas edi...

Nihoyat shifokor yoniga kirdik. Ayol kishi ekan. U manzilimizni so‘radi. Qibraydan kelganligimni tushuntirdim. Shifokor qizimga tashxis qo‘yar-qo‘ymas 10 ming so‘m bo‘lishini aytdi. Bolamni qornini to‘ydirishni o‘ylab 5 ming berishimni aytdim. U 10 ming so‘m deb so‘zida turib oldi va kartamizga yoza boshladi. Yozish davomida tinmay gapirardi.     

  • Bilasizmi, kinnachiga borsangiz ham 5 ming so‘m berasiz? Biz shifokorlarning narxi kinnachidan ham past darajaga tushib qolmoqda! Biz faqat o‘zimizga qarashli hududga qaraymiz. Boshqasiga javob bermaymiz! - deb ensasini qotira boshladi.
  • Bizga qarashli poliklinikada bolalar okulist shifokori yo‘q ekan. Shuning uchun sizning oldingizga kelishga majbur bo‘ldim, - dedim unga yalinish ohangida.
  • Bu mening “problemam” emas, - dedi menga o‘qraygancha.                                                                             
  • , qizimni yetaklagancha ko‘cha tamon otildim. Albatta, ularni hech qachon norizo qilmaslikka harakat qilamiz. Yana ishimiz tushishini o‘ylab iloji boricha cho‘ntagiga besh-to‘rt so‘m solib ketamiz. Keyingi safar kelganimizda ularning bizdan yuz o‘girishidan hadiksiraymiz. Biroq o‘zini kinnachiga tenglashtirgan, har oy oylik maoshi bilan ta'minlanadigan, oliy ma'lumotli shifokorning bunday gaplaridan keyin undan nima kutish mumkin?..

Bunday shifokorlarni ta'riflar ekanman, bir voqea yodimga tushib ketdi. 7 yil oldin birinchi farzandimni dunyoga keltirayotganimda, shifokorlar tez tibbiy yordam berolmaganligi oqibatida, dimiqib qolish tufayli nobud bo‘lgandi. O‘shanda qaynonam bilan palatada dilbandim uchun g‘am chekib o‘tirganimizda tug‘uruq jarayonida qatnashganlardan bittasi yonimizga kelib:

  • Qo‘limiz qonga botdi! Bizni rozi qilinglar, - deb aytgan gapi hech qachon yodimdan chiqmaydi. Biz nima g‘amda-yu, ularning dardi esa pulda. Bunday kimsalarning poraxo‘rligi bedavo bo‘lib qon-qonigacha singib ketgan virusdir. Men bunda barcha shifokorlarni ayblayotganim yo‘q. Ularning ichida ham oliyjanoblari juda ko‘p. Ko‘p marotaba dardimizga malham bo‘lishgan. Men ulardan umrbod minnatdorman. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ularning ichida ham dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchovchi kimsalar borligini ta'kidlab o‘tdim, xolos.

Iqbol Yuldosheva

P.S: Ushbu material e'lon qilingach, tahririyatimizga maqolaga bildirilgan munosabat kelib tushdi. Unda, jumladan, shunday deyiladi:

“Essiz, xabarni e'lon qilishdan oldin tanganing ikkinchi tomoni ham borligini bilish kerak edi... O‘zingiz shifokor bo‘lganingizda bilar edingiz. Oyliklar qanchaligini ham yozmapsizda. Eng ko‘pi bilan 2 mln so‘m. To‘g‘ri, korrupsiyaga qarshi kurashish kerak, lekin shifokor ham odam, uning ham oilasi, farzandlari bor. Shifokor ham joyi kelsa birovga ishi tushib boradi va, albatta, ularga "siz shifokor, xalqqa xizmat qilasiz, keling, bizning xizmatlarimiz ham sizga bepul", deb xizmat qilishmaydi. Olgan oyligidan svetga to‘lasinmi, gazgami, soliqqami, bolasini tushlik puligami, ro‘zg‘or kam-ko‘stigami, borib kelishi uchun yo‘l haqigami. Ba'zi shifokorlar juda pulga o‘ch bo‘ladi, buni juda yaxshi bilaman, lekin shifokorlarga yopishib olish to‘g‘ri ish emas. Shifokorga bir kunda nechtalab bemor keladi, bolalarning barchasi yig‘laydi, birovi gapni tushunadi, birovi tushunmaydi. Birovi xushmuomala va sizga o‘xshab iymanib turadi, qolganlari esa betgachopar, har narsada nimaga, bepul emasi, nima uchun pul olasiz, deb asabga tegadi. Bunday muomaladan keyin shifokorning asabi buzilmasdan eyforiyada bo‘lsinmi? Qani, ota-onasi, yaqinlari shifokor bo‘lganlar bu gaplarni inkor eta olarmikin? Keyingi safar shifokorga borishda shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakmikan...”.

Haqiqatan ham tanganing ikki tomoni bor. Necha yillab umrini tibbiyot yo‘nalishida o‘qish uchun o‘tkazgan va yaxshi niyatlar bilan ish boshlagan shifokorning maoshi haminqadar. Masalan, boshqa birov bozorda biror olg‘irlik ketidan undan ko‘p topayotgani adolat mezoniga to‘g‘ri kelmas, bizningcha.  Bu haqda o‘ylab ko‘rish fursati yetmadimikan?..

    

Mavzuga oid