Jahon | 22:46 / 29.04.2018
5276
2 daqiqa o‘qiladi

Boliviyaning sobiq prezidenti 88 yoshida vafot etdi

Foto: AP Photo / Sandra Boulanger

Boliviyaning sobiq prezidenti, 1980-1981 yillarda mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatgan Luis Garsia Mesa 29 aprelda La-Pasdagi gospitalda 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Telesur telekanali xabar berdi.  

Garsia Mesa gospitalga 28 aprelda yetkazilgan va ahvoli o‘ta og‘ir deb baholangan. Shifokorlarning aytishicha, u 29 aprelga o‘tar kechasi 4-yurak xurujini o‘tkazgach, shifokorlar uni hayotga qaytara olishmagan. 

Garsia Mesa 1980 yil iyulda davlat to‘ntaruvi oqibatida hokimiyat tepasiga kelgan va mamlakatda harbiy diktatura o‘rnatgan. Uning boshqaruvi vaqtida so‘l kuchlar vakillari ta'qiblar va zo‘ravonliklarga uchragan. Garsia Mesa hokimiyat tepasida 13 oygina o‘tirgan va qurolli kuchlar ichidagi nizo sababli va tuzum giyohvand moddalar sotishda ayblanishidan keyin o‘z lavozimidan ketib, mamlakatni tark etgan.  

1980-yillar oxirida Boliviya sudi Garsia Mesani sirtdan 30 yillik qamoq jazosiga mahkum qilgan. 1995 yil martda Braziliya hukumati Garsia Mesani ushlab, uni Boliviyaga topshirgan. Sobiq diktator oxirgi 7 yilni gospitalda o‘tkazgan. Ikki yil avval unga muddatdan avval ozodlikka chiqish rad etilgan.

Mavzuga oid